Koreya taraqqiyot instituti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-08-11 19:30:00 / Yangiliklar

Bugun, 11-avgust kuni Madaniyat vazirligida vazir maslahatchisi Shohrux Akbarov hamda Koreya taraqqiyot instituti (KDI) Rivojlanish tadqiqotlari bo‘limi direktori Hokyong Bang boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati, mavjud aloqalarni yanada kengaytirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, madaniyat va san’at, kreativ industriyalar, kino, musiqa, teatr va ijrochilik san’ati yo‘nalishlarida hamkorlikni faollashtirish, madaniyat muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ijodkorlar va soha mutaxassislari almashinuvini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasining madaniyat va kreativ industriyalarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, zamonaviy texnologiya va innovasion yondashuvlarni madaniyat sohasiga joriy etish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda qo‘shma ta’lim va tajriba almashinuvi dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Vazir maslahatchisi Shohrux Akbarov O‘zbekiston tomoni Koreya Respublikasi bilan madaniy aloqalarni aniq va amaliy loyihalar bilan boyitishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, madaniy tadbirlarni o‘zaro tashkil etish, ijodiy jamoalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi.
O‘z navbatida, Koreya taraqqiyot instituti vakillari O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari va mavjud salohiyatiga katta qiziqish bildirib, mazkur yo‘nalishlarda Koreya tomoni bilan hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston–Koreya madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.



