Namangan teatrining 95-mavsumi “Laylaklar nolasi” spektakli bilan boshlandi
2026-08-11 09:15:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati musiqali drama teatrida yangi — 95-mavsumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat jamoatchiligi, madaniyat va san’at sohasi vakillari, teatr ijodkorlari, faxriy mehmonlar hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tantanali marosim avvalida teatrning qariyb bir asrlik ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Unda teatrning tashkil topish tarixi, yillar davomida bosib o‘tgan ijodiy yo‘li, milliy teatr san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi, turli davrlarda sahnalashtirilgan sara asarlar hamda ijodkorlarning yutuqlari haqida ma’lumotlar aks ettirildi.
Shuningdek, teatrning bugungi faoliyati, zamonaviy sahna talablari asosida olib borilayotgan ijodiy izlanishlar, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, aktyor va rejissyorlarning mahoratini oshirish, tomoshabinlarga mazmunan teran va badiiy jihatdan yuksak sahna asarlarini taqdim etish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Namangan viloyati musiqali drama teatri ko‘p yillardan buyon milliy san’at va madaniyatimizni targ‘ib etish, xalqimizning ma’naviy-estetik ehtiyojlarini qondirish, teatr san’atining eng yaxshi an’analarini asrab-avaylash va yangi ijodiy yondashuvlar bilan boyitish yo‘lida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda teatr repertuaridan milliy va jahon dramaturgiyasining sara namunalari, musiqali drama va dramatik asarlar, tomoshabinlar qalbidan joy olgan spektakllar o‘rin olgan. Ijodiy jamoa yangi mavsumda ham mazmunli va rang-barang sahna asarlari orqali tomoshabinlarga yuqori saviyadagi madaniy xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Tantanali marosimning faxriy mehmoni sifatida Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, madaniyat arbobi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi Sulton Rayev ishtirok etdi.
Sulton Rayev o‘z so‘zida turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy, ma’naviy va madaniy rishtalarning ahamiyati, bugungi kunda ushbu aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi. Xususan, teatr san’ati xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, ijodiy tajriba almashish hamda umumiy madaniy qadriyatlarni keng targ‘ib etishda muhim vosita ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi qardoshlik va ijodiy hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida Sulton Rayev qalamiga mansub “Laylaklar nolasi” spektaklining Namangan viloyati musiqali drama teatri sahnasida namoyish etilgani tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi.
Mazkur sahna asari inson taqdiri, hayot sinovlari, ezgulik va mehr-oqibat, tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni badiiy talqin etishi bilan e’tiborni tortdi. Spektakl orqali qardosh xalqlarning mushtarak qadriyatlari, ruhiy yaqinligi va bir-birini anglashga bo‘lgan intilishi o‘ziga xos sahnaviy yechimlarda aks ettirildi.
Yangi mavsumning ilk spektakli — “Laylaklar nolasi” tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Aktyorlarning ijrosi, sahna bezagi, musiqiy yechimlar va spektaklning badiiy talqini tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
Shu tariqa Namangan viloyati musiqali drama teatrining 95-mavsumi nafaqat yangi ijodiy bosqichning boshlanishi, balki milliy va qardosh xalqlar madaniyatini birlashtiruvchi ezgu an’analarning davomiy ifodasi sifatida boshlandi.
Yangi mavsumda teatr jamoasi oldida tomoshabinlarga yanada ko‘proq mazmunli spektakllar taqdim etish, yosh va iste’dodli ijodkorlarni kashf etish, milliy dramaturgiya namunalarini keng targ‘ib qilish hamda xalqaro va madaniy-ijodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi muhim vazifalar turibdi.
95-mavsumning tantanali ochilishi Namangan viloyati musiqali drama teatrining uzoq yillik ijodiy an’analari izchil davom etayotganidan, teatr san’ati xalqimiz ma’naviy hayotida o‘zining munosib o‘rniga ega ekanidan dalolat berdi.




