Marg‘ilonda katta askiya kechasi bo‘lib o‘tdi
2026-08-10 12:25:00 / Yangiliklar

Marg‘ilon shahridagi “Ijodkorlar bog‘i”da o‘zbek milliy askiya san’atining taniqli namoyandalaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum san’atkor Muhammadsiddiq Sherayev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan katta askiya kechasi tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Marg‘ilon shahar hokimligi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov askiya san’atining milliy madaniyatimizdagi o‘rni, uning boy an’analarini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish, uning o‘ziga xos ijodiy maktablarini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy kulgi san’atining an’analarini yosh avlodga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Askiya kechasida Muhammadsiddiq Sherayevning o‘zbek milliy san’ati, xususan, askiya maktabi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik ijodiy faoliyati va milliy kulgi san’atini yuksaltirishdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida taniqli so‘z ustalari va qiziqchilar — Mirzabek Xolmedov, Boltaboy Toshmatov, Valijon Shamshiyev, shuningdek, yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan askiyachilar va san’atkorlar ishtirokida badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Qiziqarli va mazmunli chiqishlar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, milliy askiya san’atining betakror an’analari yana bir bor namoyon bo‘lishiga xizmat qildi.
Askiya kechasi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami oldidan marg‘ilonliklar va tadbir ishtirokchilari uchun munosib madaniy tadbir bo‘ldi.








