Madaniyat markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-08-08 11:20:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligida, vazir o‘rinbosari Sanjar Bobojonov joylardagi madaniyat markazlari faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda madaniyat markazlarini DXSh mexanizmlari asosida samarali boshqarish bo‘yicha talabgorlar Jahongir Poziljonov hamda Davron Kabulov ishtirok etdi. Uchrashuv davomida ular tomonidan ishlab chiqilgan va taqdim etilgan loyihalar batafsil ko‘rib chiqildi hamda ularning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 150-son qarorida belgilangan vazifalar, madaniyat markazlari faoliyatini zamonaviy boshqaruv tizimlari asosida tashkil etish, aholiga ko‘rsatiladigan madaniy xizmatlar sifatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv davomida davlat-xususiy sheriklik sohasidagi amaldagi qonunchilik normalari, DXSh loyihalarini amalga oshirish tartibi, xususiy sherikning huquq va majburiyatlari, davlat sherigining vakolatlari hamda tomonlarning o‘zaro manfaatlarini himoya qiluvchi mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, xususiy sherik uchun yaratiladigan huquqiy kafolatlar, investitsiyalarni himoya qilish, shuningdek davlat manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan talablar va nazorat mexanizmlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar tinglanib, madaniyat markazlari faoliyatini DXSh asosida samarali tashkil etish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.



