Diqqat e’lon! Shashmaqom asarlari asosida audio ma’lumotlar to‘plamini (dataset) yaratish bo‘yicha tanlovda ishtirok eting!
2026-08-07 09:00:00 / Tanlovlar va tenderlar
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Shashmaqomning Mushkilot bo‘limiga kiruvchi asarlari asosida audio ma’lumotlar to‘plamini (dataset) yig‘ish va sun’iy intellekt modellari uchun tayyorlash bo’yicha hamkorlik uchun manfaatdor audio-yozuv studiyalari, prodakshn kompaniyalari, ijrochilar jamoalari, musiqashunoslik sohasi va ushbu yo‘nalish bo‘yicha boshqa mutaxassislaridan takliflar qabul qiladi.
Loyiha doirasida:
— Shashmaqomning Mushkilot bo‘limiga kiruvchi olti maqom (Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq) tarkibidagi 37 ta asarni olti an’anaviy milliy cholg‘uda (dutor, rubob, tanbur, g‘ijjak, nay, doira) professional studiya sharoitida yozib olish;
— har bir asar-cholg‘u kombinatsiyasini to‘rt xil ijro sifati darajasida (a’lo, yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz) yozib olish orqali mutanosib to‘plam shakllantirish;
— yagona fayl nomlash tizimi va to‘liq metama’lumotlar bazasi asosida audio ma’lumotlar to‘plamini (dataset) tizimlashtirish;
— texnik topshiriq (TT) talablariga muvofiq ijro va texnik yozib olish yechimlarini taqdim etish nazarda tutilgan.
Texnik topshiriq
Tijorat taklif uchun Shablon
Tanlovda ishtirok etuvchilar texnik topshiriq talablari asosida namunaviy shablonga mos tijorat takliflarini tayyorlab, 2026-yil 12-avgustgacha bo‘lgan muddatda j.uraimov@madaniyat.uz elektron manziliga yuborishlari so‘raladi.
Murojaat uchun:
Manzil: 100159, Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, 107B
Telefon: +998 (55) 502-33-77 (ichki raqam: 1181)
Elektron pochta: j.uraimov@madaniyat.uz
Mazkur loyihada ishtirok etish istagidagi barcha manfaatdor audio-yozuv studiyalari, prodakshn kompaniyalari, malakali cholg‘uchilar jamoalari, tovush rejissyorlari hamda musiqashunoslik sohasi va ushbu yo‘nalish bo‘yicha boshqa mutaxassislarni o‘z takliflarini belgilangan muddatda taqdim etishga taklif etamiz.
