Poytaxtdagi bir qator bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyati o‘rganildi
2026-08-07 09:45:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Farrux Zokirov nomidagi 7-son Bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Jarayonda O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirovning boy ijodiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida maktabda uning ijodiy muhitini aks ettiruvchi dizayn loyihasini muzeyshunoslar ishtirokida ishlab chiqish, ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘chma ko‘rgazma burchagini tashkil etish hamda ta’lim muassasasida Farrux Zokirov ijodidan musiqiy asarlarni muntazam yangrab turishini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-apreldagi PQ–137-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi hamda qarorda nazarda tutilgan vazifalar birma-bir muhokama qilindi. Xususan, maktabda badiiy kengash yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish, sozandalar ansamblini shakllantirish, iqtidorli o‘quvchilarni nufuzli xalqaro tanlov va festivallarda ishtirok etishga tayyorlash va yuborish, Zokirovlar sulolasi vakillari ishtirokida mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar tashkil etish, rassomchilik, amaliy san’at, teatr san’ati, xonandalik va xoreografiya yo‘nalishlari faoliyatini Farrux Zokirov nomi va ijodiy merosi asosida o‘zaro uyg‘unlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, Nodirbek Sayfullayev Yashnobod tumanidagi 10-son va 24-son Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyati bilan ham tanishdi.
Mazkur muassasalarda 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarining tashkil etilishi, moddiy-texnik baza, mavjud infratuzilma, o‘quv xonalarining holati hamda ta’lim jarayonida uchrayotgan dolzarb masalalar o‘rganildi.
O‘rganish yakunida mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, ta’lim sifatini yanada oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, qabul jarayonlarini samarali tashkil etish hamda yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.








