O‘zbekiston–AQSH: bolalar kontenti sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
2026-08-06 17:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov hamda AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik, shuningdek, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi ijrochi direktori Zafar Yo‘ldoshev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida bolalar uchun sifatli, zamonaviy va ma’rifiy media mahsulotlarini yaratish, kreativ industriya yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida bolalar kontenti, animatsiya va kinematografiya yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildilar.
Xususan, o‘zbekistonlik yoshlar hamda soha mutaxassislarini animatsiya, kinematografiya, ssenariynavislik, vizual effektlar (VFX), aktyorlik mahorati va boshqa kreativ yo‘nalishlardagi nufuzli xalqaro ta’lim dasturlariga keng jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, amerikalik yetakchi rejissyorlar, musiqiy prodyuserlar va xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekistonda master-klasslar, seminarlar, treninglar hamda ijodiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mazkur tadbirlar yosh ijodkorlarning zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning xalqaro tajribadan samarali foydalanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda Fulbright hamda boshqa xalqaro akademik almashinuv dasturlari doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar, pedagoglar va ijodkorlarning ishtirokini kengaytirish, ularning malakasini oshirish hamda xorijiy tajribani milliy media sohasiga tatbiq etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik bolalar uchun ingliz tilini o‘rgatuvchi zamonaviy, interaktiv va qiziqarli ta’limiy kontentlar yaratish, ularni milliy mediamaydon orqali keng ommalashtirish hamda yosh avlodning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik bolalar kontentini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ikki tomonlama amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga hamda ushbu yo‘nalishdagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida, bugungi muloqot O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniyat hamda kreativ industriyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bolalar uchun sifatli media mahsulotlari yaratish va yosh iste’dodlarni xalqaro maydonga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganligi ta’kidlandi.



