Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning yangi xonadonlarni o‘z egalariga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi
2024-09-01 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli tadbir qatnashchilari!
Qadrli hamkasblar!
Bugungi unutilmas va hayajonli damlarnianchadan beri intiq bo‘lib kutgan aziz do‘stlar!
Mana, nihoyat o‘sha kun keldi!
Ishoninglar, mening hozirgi hayajonim, quvonchimsizlarnikidan aslo kam emas.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Avvalo, barchangizni Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Bu yilgi bayram sizlar uchun bir umrga unutilmaydigan, doim shirin xotira sifatida esga olinadigan qo‘shaloq xursandchilik bo‘lib kelganidan barchamiz behad mamnunmiz.
Uy-joyli bo‘lish har bir inson hayotida juda katta ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Odamzodning yaxshi kuni ham, yomon kuni ham, shaxs sifatida kamol topishiyu orzu havaslarining ro‘yobi, qolaversa, an’ana va qadriyatlariningbardavomligi bevosita uy-joy bilan bog‘liq.
Ayniqsa, bizning xalqimiz farzand ko‘rsa, uning kichik vatanli bo‘lib, o‘zidan tinib-tinchib ketishi uchun borini berishga intiladi.
Duolarida ham shuni niyat qiladi.
Albatta, hayot murakkab. Ayniqsa, poytaxtdek azim shaharda o‘z xonadoniga ega bo‘lib, hayotini yo‘lga qo‘yib olish oson emasligini mana shu davrada turgan hamkasblarimiz boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunishadi, deb o‘ylayman.
Ijarama-ijara ko‘chib yurish, uy egasining qosh-qovog‘iga qarash, kutilmaganda “haydalish kuyi”chalinishi, sarson-sargardonlik...
Bir tarafda esa farzandlar ulg‘ayib borayotgan bo‘ladi... Juda murakkab davr.
Mana shunday vaqtlarda gohida biror yaqiningiz yoki do‘stingiz ko‘ngli bo‘lmay xonadoniga taklif qilar.
Ammo nari borsa uch kun yoki bir haftadan keyinunga ham malol kelishingiz ehtimoldan holi emas.
Bunday paytda o‘zingizdan o‘tganini o‘zingiz bilasiz.
Poytaxtimizning Hadra maydoni yaqinidagi oilaviy yotoqxonada yashab, bir qancha noqulayliklarni boshdan kechirgan, doim shaxsiy uyi bo‘lishini orzu qilgan madaniyat va san’at xodimlarining ko‘ngil kechinmalarini ham yaxshi his qilamiz.
Ko‘plab hamkasblarimiz, ustozlarimiz mana shu bosqichlardan o‘tishgan. Bugun fayzli xonadonlarda hayot kechirib, orzu havaslari ro‘yobini ko‘rishmoqda.
Barchaga shunday kunlar nasib etishini tilayman.
Aziz do‘stlar!
Ijtimoiy davlatda inson qadri, deganda, avvalo, fuqaroni zarur uy-joy bilan ta’minlash tushuniladi.
Shu ma’noda, Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich davlat rahbari sifatidagi faoliyatlarining dastlabki kunlaridanoq aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasini birinchi galdagi vazifa sifatida belgilab berdilar.
Oxirgi 7-8 yil ichida birgina Toshkent shahrida misli ko‘rilmagan darajada turarjoylar barpo etilib, qanchadan-qancha oilalarga quvonch ulashildi.
Ana shunday baxtiyor oilalar qatorida bugun sizlarga o‘z xonadonlaringiz kalitlarini tantanali ravishda topshirish bizga katta sharaf bag‘ishlaydi.
Shu o‘rinda bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman: ko‘pincha madaniyat xodimlariga uy-joy berilarkan yoki qandaydir imtiyoz joriy qilinarkan, desa, darrovgap-so‘z ko‘payadi, salbiy munosabatlar “bolalaydi”.
Bu, albatta, sohadan bexabar insonlarning gapi. Vaholanki, soha vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatib, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Buni to‘g‘ri anglab olish kerak.
Faqat oylikka kun kechirib, uzoq yillardan beri oilaviy yotoqxonalarda, ijara uylarda yashayotgan ko‘plab fidoyilar bor. Ular o‘z kasbini sevgani, o‘z kasbiga mehr qo‘ygani uchun ham ishlab yuribdi.
Biz ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashtarafdorimiz va bundan keyin ham mana shu yo‘ldan boramiz. Zero, bugun davlatimizning siyosati shunday.
Fursatdan foydalanib, yangi xonadon egalarini chin dildan tabriklayman.
Uylaringizda yaxshi kunlar ko‘p bo‘lsin!
Orzu havaslaringiz ro‘yobini ko‘ring! To‘ylar qiling!
Kasbingizdan baraka toping!
Sizlar bunga arziysiz va munosibsiz!
