O‘zbekiston Madaniyat vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyada qator uchrashuvlar o‘tkazdi
2026-08-05 16:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasi London shahriga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida dunyodagi nufuzli madaniy muassasalardan biri — Victoria and Albert Museum (V&A) hamda kreativ industriya va kino sohasi vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston tomonidan madaniyat vaziri maslahatchisi Rauf Nabiyev hamda Madaniyat vazirligining Raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Amirjon Nosirov ishtirok etdi.
Britaniya tomonidan mashhur kinorejissyor va ssenarist Afina Mandis, Victoria and Albert Museumning xalqaro aloqalar menejeri Yevgeniya Raysova, shuningdek, muzeyning dizayn va raqamlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi kuratori Korinna Gardner bilan muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston madaniy merosini raqamlashtirish, tarixiy va madaniy ob’yektlarni sun’iy intellekt texnologiyalari asosida restavratsiya qilish, raqamli ko‘rgazmalarni tashkil etish hamda zamonaviy muzey texnologiyalarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, milliy kino sanoatini rivojlantirish, o‘zbek ssenarist va rejissyorlari uchun xalqaro mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish va ijodiy tajriba almashishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar madaniy merosni asrash va ommalashtirish, kreativ industriyani rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni madaniyat sohasiga keng joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur xizmat safari O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, mamlakatning kreativ salohiyatini namoyon etish hamda yetakchi xorijiy madaniy muassasalar bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.



