Yurtimiz bo‘ylab “Madaniyat karvoni” loyihasi davom etmoqda
2026-08-05 10:30:00 / Yangiliklar

Yurtimiz bo‘ylab aholiga madaniy-ma’rifiy tadbirlar, milliy san’at namunalari va betakror konsert dasturlarini yetkazishga qaratilgan “Madaniyat karvoni” loyihasi qizg‘in davom etmoqda.
Loyihaning navbatdagi manzili Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan gala-konsert minglab san’at ixlosmandlarini bir maydonga jamladi. Bayramona muhitda o‘tgan konsert dasturi tomoshabinlarga unutilmas onlar va yuqori kayfiyat ulashdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari hamda taniqli san’atkorlar — Anvar G‘aniyev, Sharof Muqimov, Jasur Umirov, Otabek Mutalxo‘jayev, Jasur Mavlonov, Abror Do‘stov ishtirok etib, o‘zlarining dilbar qo‘shiqlari va jonli ijrolari bilan yig‘ilganlarga chinakam bayram tuhfa etdilar.
Konsert davomida milliy va zamonaviy estrada qo‘shiqlari, jozibali sahna chiqishlari hamda tomoshabinlar bilan samimiy muloqotlar kechaning yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishiga xizmat qildi. Ayniqsa, san’atkorlarning mahalliy aholi bilan yaqin muloqoti, birgalikda kuylangan qo‘shiqlar va samimiy uchrashuvlar tadbirga o‘ziga xos iliq muhit bag‘ishladi.
“Madaniyat karvoni” loyihasi xalqimizga yuksak badiiy saviyadagi konsert dasturlarini taqdim etish, milliy madaniyat va san’atni keng targ‘ib qilish, hududlarda madaniy hayotni yanada jonlantirishga xizmat qilmoqda. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi navbatdagi konsert dasturi ham ishtirokchilar qalbida yorqin taassurotlar qoldirdi.
Loyiha doirasidagi madaniy tadbirlar esa yurtimizning turli hududlarida davom etib, aholiga san’at, musiqa va ko‘tarinki kayfiyat ulashishda davom etmoqda.




