Yosh kinoijodkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-08-05 11:10:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov kino sohasida ilk ijodiy qadamlarini qo‘yayotgan yosh kinorejissyorlar, ssenaristlar hamda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan uchrashuv davomida mamlakatimiz kino san’atini yanada rivojlantirish, yosh ijodkorlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar, amalga oshirayotgan ijodiy loyihalari, sohada uchrayotgan muammolar va takliflari bilan murojaat qilib, ochiq muloqot shaklida fikr almashdilar.
Xususan, milliy kino sanoatida yangi ijodkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, qisqa metrajli va debyut filmlarini yaratishga ko‘maklashish, ssenariylar tanlovini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish hamda xalqaro tajribani o‘rganish kabi masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.
Jahongir Ahmedov yoshlarning tashabbuslari va yangicha yondashuvlari milliy kinematografiya taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, Kinematografiya agentligi iqtidorli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning loyihalarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida yosh kinoijodkorlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni o‘rganish, ularning amaliy yechimi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi. Mazkur ochiq muloqot ishtirokchilar uchun tajriba almashish, o‘zaro fikr va g‘oyalar bilan o‘rtoqlashish hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim maydon bo‘ldi.




