Kinematografiya agentligi tizimidagi o‘rganishlarning dastlabki xulosalari ko‘rib chiqildi
2026-08-05 09:40:00 / Yangiliklar

Kuni kecha madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov rahbarligida Kinematografiya agentligi hamda uning tizim tashkilotlarida amalga oshirilayotgan kompleks o‘rganish ishlarining borishiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Agentlik markaziy apparati boshqarma va bo‘limlari faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarning birlamchi xulosalari, shuningdek, tizimdagi korxona va muassasalarda olib borilayotgan kompleks tahlillarning dastlabki natijalari atroflicha muhokama qilindi. Faoliyat davomida aniqlangan tizimli kamchiliklar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, o‘rganishlardan asosiy maqsad Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish, davlat mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, milliy kinematografiyani rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy va shaffof boshqaruv tizimini shakllantirishdan iborat.
Yig‘ilish davomida mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ijro muddatlarini belgilash yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, tizim tashkilotlarida o‘rganishlar yakuniga qadar barcha jarayonlarni xolis, shaffof va qonunchilik talablari asosida olib borish zarurligi alohida qayd etildi.
Jahongir Ahmedov tomonidan kino sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ijodiy muhitni yanada rivojlantirish hamda sohada ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan yaqin kunlarda Kinematografiya agentligi rahbarining kinoijodkorlar, rejissyorlar, ssenariynavislar, prodyuserlar va soha vakillari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur uchrashuvda kinematografiya sohasini rivojlantirish, mavjud muammolar va ularning yechimlari, istiqboldagi loyihalar hamda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalar va amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi, ularning ijrosi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishi belgilandi.





