Vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim tashkilotlari va malaka oshirish markazlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi
2026-08-05 09:30:00 / Yangiliklar

Kecha, 4-avgust kuni madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev rahbarligida vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim tashkilotlari, ularning filiallari hamda malaka oshirish markazlari rahbarlari ishtirokida 2026-2027 o‘quv yiliga tayyorgarlik, ta’lim sifatini oshirish va sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda madaniyat va san’at sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Kun tartibiga muvofiq, vazirlik tizimidagi oliy ta’lim tashkilotlari, filiallari hamda malaka oshirish markazlarida 2026-2027 o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari yuzasidan rektor va direktorlarning hisobotlari tinglandi. Xususan, o‘quv binolari va talabalar turar joylarining tayyorgarligi, professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish, o‘quv-uslubiy ta’minot hamda ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchilarining bandligini ta’minlash holati tahlil qilinib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda madaniyat va san’at muassasalari bilan uzviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF–103-son Farmoniga muvofiq madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, ta’lim dasturlariga art-menejment, kreativ industriya, madaniy loyihalarni boshqarish va tijoratlashtirish kabi yangi yo‘nalishlarni kiritish, shuningdek kino industriyasi va madaniyat menejmenti kabi sohalar bo‘yicha xorijdan 50 nafar yuqori malakali mutaxassis-o‘qituvchilarni jalb etish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar belgilandi.
Yig‘ilishda 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim tizimini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ta’lim jarayonini ishlab chiqarish va ijodiy amaliyot bilan uzviy bog‘lash, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda madaniyat va san’at muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar va ularning taqdimotlariga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash, ta’lim sifatini yanada oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda madaniyat va san’at sohasi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.









