4-avgust — O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etilgan kun munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi
2026-08-05 09:05:00 / Yangiliklar

Poytaxtda 4-avgust — O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi o‘z faoliyatini boshlagan kun munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-polkovnik Bahodir Tashmatov hamda shaxsiy tarkibi, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, shuningdek, san’at va madaniyat sohasining taniqli vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqib, Milliy gvardiya tizimi xodimlarini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi. Vazir o‘z nutqida mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida Milliy gvardiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Milliy gvardiya hamda madaniyat va san’at sohalari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va bir qator taniqli madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tib, unda Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlar va ma’naviyatni yuksaltirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi hamjihatlik g‘oyalari alohida e’tirof etildi.
Ma’lumot uchun: 2017-yil 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etilgan va o‘z faoliyatini boshlagan. Keyinchalik, 2020-yil 18-noyabrda imzolangan "O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida"gi Qonun bilan Milliy gvardiyaning huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yanada mustahkamlandi.









