Andijon viloyati ijodiy jamoasi Turkiyada
2026-08-04 10:00:00 / Yangiliklar

Turkiyaning Karaman shahrida VIII Xalqaro turkiy dunyo festivali bo‘lib o‘tdi. TURKSOY tashkiloti va Karaman shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy ijodkorlar bilan birga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston hamda Qirg‘izistondan tashrif buyurgan jamoalar o‘z mamlakatlari san’atini namoyish qildi.
Festivalning asosiy maqsadi turkiy xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, qardoshlik rishtalarini mustahkamlash, mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishdan iborat.
Yurtimiz nomidan mazkur nufuzli xalqaro festivalda Andijon viloyati ijodiy jamoasi ishtirok etdi. Andijonliklarning ushbu o‘ziga xos do‘stlik bayramiga taklif qilingani bejiz emas.
Xabaringiz bor, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan. Ayni shu jihatdan festivalda milliy san’atimiz Andijon timsolida namoyish etildi. Bu turkiy dunyo madaniyat poytaxtining taqdimotiga ham aylanib ketdi.
Ijodiy guruh tarkibi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati bo‘limining xonandalari, raqqos va raqqosalari, Andijon viloyati musiqali drama teatri aktyorlari, hududdagi bir qator ta’lim muassasalari vakillaridan iborat bo‘lib, ular ijro etgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar olqishlar bilan kutib olindi.
Andijon viloyati ijodiy jamoasi Karamandan so‘ng poytaxt Anqara shahriga yetib keldi. Ular bu yerda TURKSOY tashkiloti va Kechio‘ren tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan III Xalqaro turkiy dunyo festivalida milliy madaniyatimizni namoyish qilishadi. Tadbir 8-avgustga qadar davom etadi.








