“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi Qirg‘izistondagi xalqaro kinofestivalda e’tirof etildi
2026-07-19 21:50:00 / Yangiliklar

Qirg‘iz Respublikasida o‘tkazilayotgan nufuzli Xalqaro kinofestival doirasida o‘zbek kinosining yirik loyihalaridan biri – “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” tarixiy-badiiy filmi namoyish etildi. Film festival ishtirokchilari, kino mutaxassislari hamda tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, yuqori baholandi.
Festival yakunlariga ko‘ra, film ijodiy jamoasi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Hakamlar hay’ati qarori bilan film bastakori Abulqosim Muinzoda “Eng yaxshi bastakor” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. Mazkur mukofot filmning musiqiy yechimi, tarixiy voqealar ruhini chuqur aks ettiruvchi original saundtreki hamda bastakorning yuksak ijodiy mahoratiga berilgan yuksak baho sifatida e’tirof etildi.
“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi Amir Temur davriga oid tarixiy voqealarni zamonaviy badiiy talqinda yoritib, turli mamlakatlar ijodkorlarini birlashtirgan xalqaro kino loyihasi hisoblanadi. Kartina o‘zining keng qamrovli syujeti, tarixiy haqiqat va badiiy yechim uyg‘unligi, shuningdek, yuqori darajadagi tasvir va musiqiy bezagi bilan e’tibor qozongan.
Mazkur yutuq nafaqat film ijodkorlari, balki O‘zbekiston kinematografiyasi uchun ham muhim xalqaro e’tirof bo‘lib, milliy kino san’atining jahon maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Filmning xalqaro kinofestivallarda muvaffaqiyatli ishtiroki o‘zbek kino ijodkorlarining professional salohiyati va milliy tarixni zamonaviy kino tili orqali dunyo auditoriyasiga yetkazish borasidagi izchil sa’y-harakatlarining yana bir yorqin natijasi bo‘ldi.


