SHHTga a’zo davlatlar madaniyat vazirlari Issiqko‘lda yig‘ildi: O‘zbekiston sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi
2026-07-19 19:50:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 23-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda SHHTga a’zo 10 davlatning madaniyat vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etmoqda. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham qatnashib, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Vazir, avvalo, tadbirni yuksak saviyada tashkil etgani, samimiy mehmondo‘stlik va ochiq muloqot uchun yaratilgan sharoitlar yuzasidan Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, bugungi kunda SHHT nafaqat siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida, balki madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim xalqaro maydonga aylanganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, SHHT makonida uch milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil etadi. Tashkilotga a’zo davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb to‘rtdan bir qismini va xalqaro savdoning o‘n besh foizdan ortig‘ini ta’minlab, SHHT makonini dunyodagi eng yirik madaniy auditoriyalardan biriga aylantirmoqda.
Nutq davomida so‘nggi yillarda SHHT doirasida madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, konferensiyalar, festivallar hamda ijodiy almashinuvlar izchil rivojlanib borayotgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, joriy yil 24–25-iyun kunlari Namangan shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan SHHTga a’zo davlatlar madaniyatlararo muloqot forumi hamda SHHT xalq ijodiyoti festivali bunga yorqin misol ekani ta’kidlanib, Namanganda boshlangan muloqotni doimiy faoliyat yurituvchi hamkorlik mexanizmiga aylantirish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekiston tomoni SHHT doirasida buyuk yozuvchi va madaniyat arboblariga bag‘ishlangan maxsus yillarni o‘tkazish amaliyotini yuksak baholab, 2028-yilda Chingiz Aytmatov merosini keng nishonlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, SHHTning umumiy madaniy tadbirlar ro‘yxatini shakllantirish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.
O‘z nutqida Ozodbek Nazarbekov zamonaviy axborot makonida madaniyat sohasi oldida turgan dolzarb muammolarga ham to‘xtaldi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlik, nafrat va yolg‘on axborotning keng tarqalishi, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bilan bog‘liq yangi imkoniyat va xavflar haqida fikr bildirdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomonidan quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
SHHTga a’zo davlatlarning yosh blogerlari, rejissyorlari va raqamli kontent yaratuvchilari o‘rtasida har yili “SHHT madaniy kontenti” tanlovini tashkil etish;
madaniyat va san’at sohasida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha SHHTning axloqiy qoidalarini ishlab chiqish va qabul qilish;
sun’iy intellekt yordamida SHHT xalqlarining buyuk tarixiy shaxslari va qahramonlari obrazlarini yaratish hamda ularning merosini virtual muzeylar, animatsion filmlar, interaktiv darslar va ko‘p tilli raqamli platformalar orqali targ‘ib etish;
kreativ iqtisodiyot sohasida tajriba almashish dasturini yo‘lga qo‘yish.
Ta’kidlanganidek, uch milliarddan ortiq aholini birlashtirgan SHHT makonida kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish millionlab yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochish hamda madaniyatning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Nutq yakunida Ozodbek Nazarbekov madaniyat xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va o‘zaro anglashuvni mustahkamlovchi eng qudratli vosita ekanini qayd etib, ilgari surilgan tashabbuslar SHHT makonidagi madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
"Madaniyat — xalq xotirasi, davlatning ma’naviy tayanchi va tinchlikning eng mustahkam ko‘prigidir. Keling, bu ko‘prikni birgalikda yanada mustahkamlaylik", — dedi O‘zbekiston madaniyat vaziri.









