Qo‘qonda madaniyat va san’at muassasalari faoliyati o‘rganildi
2026-07-19 14:30:00 / Yangiliklar

Kuni kecha madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev Qo‘qon shahrida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda madaniyat muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida dastlab “Muqimiy shaharchasi” hududida yangi bunyod etilayotgan zamonaviy Madaniyat va ma’rifat majmuasi qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar jarayonida Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov ham ishtirok etdi. Tomonlar qurilish ishlarini jadallashtirish hamda hududni obodonlashtirish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha kelishib oldilar.
Mazkur majmua kelgusida aholi, ayniqsa yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda Qo‘qonning madaniy hayotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Nodirbek Sayfullayev Qo‘qon Musiqali drama teatri, 5-son bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 8-son “Istiqlol” madaniyat markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muassasalarda yaratilgan sharoitlar, ijodiy jarayonlar, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda yosh avlodning san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘qonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangi loyihalar va ijodiy tashabbuslar mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini izchil rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy muhitni yanada yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.




