Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan respublika teletanlovlari g‘oliblari taqdirlandi
2026-07-16 20:50:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda “Madaniyat va ma’rifat” telekanali hamkorligida o‘zbek milliy musiqa san’atining buyuk namoyandalari ijodiy merosini keng targ‘ib etish, iste’dodli yosh ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash va milliy ijrochilik an’analarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator respublika teletanlovlari o‘tkazildi.
Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Alimatov nomidagi Respublika ko‘rik-tanlovi hamda atoqli hofizlar, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohiblari Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov nomidagi yosh ijrochilar Respublika teletanlovi yuqori saviyada tashkil etildi.
Turg‘un Alimatov nomidagi ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi buyuk san’atkorning boy ijodiy merosini keng targ‘ib etish, uni navqiron avlodga yetkazish hamda milliy cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi. Tanlovda respublikamizning turli hududlaridan 40 ga yaqin yosh ijodkor ishtirok etib, o‘z ijodiy mahoratini namoyish etdi.
Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov nomidagi Respublika teletanlovi esa o‘zbek milliy maqom va hofizlik san’atining bebaho merosini asrab-avaylash, uni yosh avlod orasida keng targ‘ib qilish hamda 12 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan iste’dodli ijrochilarni kashf etishga xizmat qildi.
Har ikki tanlov “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida televizion shou formatida o‘tkazildi. Tanlov davomida ishtirokchilarning ijro mahorati, sahna madaniyati, milliy musiqa an’analariga sadoqati va ijodiy salohiyati nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan xolis baholandi. Yosh iste’dodlar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan yuksak e’tirof etildi.
Tantanali taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining diplomlari hamda pul mukofotlari topshirildi.
Ta’kidlanganidek, bunday tanlovlar milliy musiqa va maqom san’atining noyob an’analarini asrab-avaylash, buyuk san’atkorlar ijodiy merosini kelajak avlodga yetkazish, shuningdek, yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.






