Turg‘un Alimatov nomidagi Respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
2026-07-15 17:40:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda "Madaniyat va ma’rifat" telekanali hamkorligida o‘zbek milliy musiqa san’atining buyuk namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Alimatov nomidagi Respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi hamda g‘oliblar taqdirlandi.
Mazkur teletanlov Turg‘un Alimatovning boy ijodiy merosini keng targ‘ib etish, uning betakror ijrochilik maktabini yosh avlodga yetkazish, milliy musiqa san’atiga qiziqishni yanada oshirish hamda iste’dodli yosh ijrochilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda respublikaning turli hududlaridan 40 ga yaqin yosh ijodkor ishtirok etib, o‘z ijodiy mahorati va ijro salohiyatini namoyish etdi. Ishtirokchilarning chiqishlari professional hakamlar hay’ati tomonidan ijro mahorati, sahna madaniyati, milliy ijrochilik an’analariga sodiqligi hamda badiiy talqin mezonlari asosida baholandi.
Taqdirlash marosimida tanlovning faol ishtirokchilari va g‘oliblari e’tirof etilib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining diplomlari hamda pul mukofotlari topshirildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov milliy musiqa san’atining noyob an’analarini asrab-avaylash, buyuk san’atkorlar merosini keng targ‘ib qilish hamda yosh iste’dodlarni kashf etish va rag‘batlantirish yo‘lidagi muhim madaniy loyihalardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.


