Gretsiyadagi o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-07-15 14:55:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Gretsiya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Gretsiyaga amalga oshirilayotgan rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Gretsiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonning turli hududlarida tug‘ilib voyaga yetgan, turli yillarda Gretsiyaga ko‘chib borgan 30 nafarga yaqin vatandosh ishtirok etdi. Ular orasida turli yosh avlod vakillari bo‘lib, uchrashuv samimiy muloqot ruhida o‘tdi.
Suhbat davomida vatandoshlar O‘zbekiston haqidagi iliq xotiralari, bugungi yurt taraqqiyoti va kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari hamda madaniyat va san’at sohasidagi yangilanishlar haqida ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida vazir vatandoshlarning hayoti, faoliyati, muammo va takliflari bilan tanishdi. Gretsiyada televideniye va radio sohasida, davlat idoralarida, oliy ta’lim muassasalari hamda maktablarda samarali mehnat qilayotgan yurtdoshlar faoliyati alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, ularning madaniy ehtiyojlari, o‘zbek tili va milliy qadriyatlarni farzandlariga yetkazish borasidagi fikr va takliflari muhokama qilindi.
Uchrashuvda joriy yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Gretsiyadagi vatandoshlar uchun bayram tadbirlari tashkil etilishi hamda O‘zbekistondan ijodiy jamoa yuborilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida Ozodbek Nazarbekov vatandoshlarga chuqur samimiyat bilan murojaat qilib, "O‘zbekiston sizlarni har doim sog‘inadi. Siz bu yurtga mehmon emas, o‘z uyingizga qaytasiz. Vatan eshiklari sizlar uchun doimo ochiq. Imkon topgan har bir vatandoshimizning yurtimizga nafaqat mehmon sifatida, balki doimiy yashash va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish uchun qaytishini istaymiz," deya ta’kidladi.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tib, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.






