#Xalqaro_hamkorlik
2024-08-21 14:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov boshchiligidagi O’zbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasida bo'lib turibdi.
20-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirining o'rinbosari Andrey Malishev o'rtasida hamkorlik uchrashuvi bo'lib o'tdi.
So'ng Avazxon Tadjixanov Katta Moskva sirkiga tashrif buyurib, sirk faoliyati hamda sirk o'yinlarida ishtirok etuvchi hayvonlarning saqlanishi bilan tanishdi.
Mazkur uchrashuvda ikki davlat teatrlari hamda madaniy ta'lim masalalarida o'zaro hamkorlikni mustahkamlash, qo'shma loyihalarni amalga oshirish, joriy yilda Rossiya Federatsiyasida o'tkazilishi rejalashtirilgan "O'zbekiston madaniyat kunlari" tadbirlarini yuqori saviyada o'tkazish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasi Moskva shahrida tashkil etiladigan "Moskva xalqaro kino haftaligi"ning tantanali ochilish marosimida hamda "Xalqaro bolalar madaniy forumi-2024"da ishtirok etishi, "O'zbekiston madaniyat kunlari" tadbirlarini tashkil etilishi rejalashtirilayotgan konsert saroylariga tashrif buyurishi va boshqa bir qator rasmiy tadbirlarda ishtirok etishi kutilmoqda.
Ma'lumot o'rnida, Rossiya Federatsiyasidagi xizmat safari 24-avgustga qadar davom etadi.



