Madaniyat vazirligida yangi tayinlangan o‘rinbosarlar jamoaga tanishtirildi
2026-07-11 23:40:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq, Madaniyat vazirligi rahbariyatida qator yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Jumladan, Nodirbek Baxtiyorovich Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Jahongir Odilxo‘jayevich Axmedov O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Odiljon Abdug‘aniyevich Abduqahorov hamda Sanjar Baxtiyorovich Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Baxodir Majitovich Axmedov va Avazxon Baxadirovich Tajixanov O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan, Murodjon Abdullayevich Majidov hamda Yusufjon Kamoldinovich Usmonov esa vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Mazkur tayinlovlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida yangi rahbarlarni jamoaga tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov raislik qildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Xasan Salixov, Vazirlar Mahkamasi bo‘lim boshlig‘i Rustam Azimov, tegishli tashkilotlar vakillari, tizim tashkilotlari mas’ullari hamda Madaniyat vazirligining markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida vazir Ozodbek Nazarbekov yangi tayinlangan rahbarlarni tabriklab, ularga davlat rahbari tomonidan bildirilayotgan yuksak ishonch katta mas’uliyat yuklashini ta’kidladi. U madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, hududlarda madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, tizim faoliyatida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini keng joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi.
Yig‘ilishda so‘z olgan mas’ullar ham yangi rahbariyatni samimiy qutlab, ularning bilim va tajribasi vazirlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Tadbir yakunida yangi tayinlangan rahbarlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirib, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan ado etish, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, jamoa bilan hamkorlikda belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida bor kuch va salohiyatini safarbar etishini ta’kidladilar.









