Belarusda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tantanali konsert dasturi bilan yakunlandi
2026-07-09 02:45:00 / Yangiliklar

Belarus Respublikasida uchinchi bor o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasidagi tantanali gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Marat Markov, ikki davlat rasmiylari, madaniyat va san’at namoyandalari hamda o‘zbek san’ati ixlosmandlari ishtirok etdi.
Konsert avvalida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Marat Markov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik, o‘zaro madaniy almashinuv va do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishning ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasining Davlat madhiyalari yangradi.
So‘ng gala-konsert dasturi boshlandi. Unda o‘zbek va belarus xalqlarining boy musiqiy merosi, milliy an’analari hamda zamonaviy san’ati uyg‘unlashgan 20 ga yaqin yorqin musiqiy va raqs chiqishlari namoyish etildi. Dastur O‘zbekiston davlat simfonik orkestri ijrosidagi “O‘zbekiston – ona diyorim” musiqiy kompozitsiyasi bilan ochildi. Orkestrga xalqaro tanlovlar sovrindori dirijyor Abbosbek Vahobov rahbarlik qildi.
Kecha davomida o‘zbek mumtoz musiqa va maqom san’atining nodir namunalari — “Katta ashula”, “Munojot”, “Samarqand ushshog‘i”, “Aylab keling”, “Mavrigi”, “Suray lazgisi” kabi asarlar, shuningdek, Belarusning mashhur qo‘shiqlari — “Belaya lastayka”, “Belaruskaya prigajuni”, “Kupalinka”, “Alesya”, “Belovejskaya pushcha” va “Belorussiya” ijro etildi.
Shuningdek, jahon opera san’atining durdonalaridan biri — Jakomo Puchchinining “Turandot” operasidan “Kalaf ariyasi” O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov tomonidan mahorat bilan ijro etildi.
Konsertda O‘zbekiston xalq artistlari Zulayho Boyxonova, Mansur Toshmatov, Ramiz Usmonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov hamda xalqaro tanlovlar sovrindorlari Sabina Hamdamova, Rasuljon Abdullayev, To‘lqin Tojiyev, Mohichehra Jumanova, Gavhar Salimova, Xushnud Solijonov, Abdulaziz Muxtorov, Mirshod Elov, Orifjon Ergashev, Akjol Meldibekov, Lochinbek Mo‘minov va boshqa san’atkorlar ishtirok etdi. Konsert dasturiga “Navro‘z” raqs ansambli chiqishlari o‘zgacha joziba bag‘ishladi.
Gala-konsert yakunida tomoshabinlar uchun yana bir yoqimli lahza tuhfa etildi. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan “Mendirman osha” qo‘shig‘i ijro etildi. Ushbu chiqish tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, uzoq davom etgan olqishlarga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa, Belarusda uchinchi bor tashkil etilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tantanali gala-konserti ko‘tarinki kayfiyatda yakunlandi.
Mazkur gala-konsert Belarus Respublikasida uchinchi bor tashkil etilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali yakuni bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Xususan, 2018 va 2025-yillarda O‘zbekistonda “Belarus madaniyati kunlari”, 2019 va 2023-yillarda Belarusda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
O‘zaro madaniyat kunlari ikki xalqning boy madaniy merosini keng targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash, shuningdek, madaniy diplomatiya va gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mazmunan boyitishga xizmat qilmoqda.









