Vazir Ozodbek Nazarbekov Minsk davlat amaliy san’at kollejida bo‘ldi
2026-07-07 23:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 7-iyul kuni Belarus Respublikasida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Minsk shahrida joylashgan A.Glebov nomidagi Minsk davlat amaliy san’at kollejida bo‘ldi.
Tashrif davomida kollej direktori Aleksandr Shantarovich O‘zbekiston delegatsiyasini ta’lim muassasasining ko‘p yillik faoliyati, moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayoni hamda amaliy san’at yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishtirdi.
Delegatsiya kollejning o‘quv ustaxonalari, ijodiy laboratoriyalari, ko‘rgazma zallari va talabalarning amaliy ishlari bilan tanishar ekan, ta’lim jarayonida milliy an’analarni zamonaviy san’at bilan uyg‘unlashtirish, yosh ijodkorlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda xalq amaliy san’atini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot oldi.
Uchrashuv davomida madaniyat va san’at sohasida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kreativ iqtisodiyot tamoyillarini madaniyat tizimiga tatbiq etish hamda raqamli texnologiyalar asosida yangi madaniy mahsulotlar yaratish istiqbollari haqida fikr bildirildi.
Tomonlar sun’iy intellekt vositalaridan dizayn, amaliy san’at, muzey ishi, ko‘rgazmalar tashkil etish va madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish jarayonlarida foydalanish bugungi davrning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, kreativ industriya, dizayn va hunarmandchilik yo‘nalishlarida yosh mutaxassislarni tayyorlash, tajriba almashish hamda qo‘shma ta’lim va ijodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-ta’lim hamkorligini yanada rivojlantirish, amaliy san’at, dizayn va kreativ industriya yo‘nalishlarida o‘zaro aloqalarni kengaytirish ikki mamlakat ijodkorlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Tashrif yakunida tomonlar madaniyat va san’at ta’limi sohasida tajriba almashish, qo‘shma ko‘rgazmalar, mahorat darslari va ijodiy loyihalarni tashkil etish, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.









