O‘zbekiston san’ati Sloveniya va Xorvatiyada munosib namoyish etildi
2026-07-06 17:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasining “Buxorcha” ashula va raqs ansambli Sloveniya hamda Xorvatiya respublikalari bo‘ylab gastrol safarlarini amalga oshirdi. Gastrol dasturi doirasida ansambl Sloveniya Respublikasining Maribor shahrida o‘tkazilgan 38-xalqaro CIOFF FolkArt folklor festivali hamda qator madaniy tadbirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘zbek milliy san’ati va madaniyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qildi.
Gastrol dasturining ilk manzili sifatida Sloveniya Respublikasining Metlika shahrida mahalliy aholi uchun konsert dasturi namoyish etildi. Konsert davomida Toshkent, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro vohalariga mansub milliy kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar hamda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan iborat rang-barang sahna chiqishlari tomoshabinlarga taqdim etildi.
Festival doirasida Maribor shahri markazida va sayyohlar gavjum maskanlarida ko‘cha tomoshalari ham tashkil etildi. O‘zbekistonlik san’atkorlar Boliviya ijodiy jamoalari bilan birgalikda milliy qo‘shiq va raqs dasturlarini namoyish etib, festival mehmonlari va shahar aholisining katta olqishiga sazovor bo‘ldilar. Ayniqsa, o‘zbek milliy raqslari, milliy liboslar va xalq cholg‘u asboblari xorijlik tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Festivalning an’anaviy tadbirlaridan biri sifatida Maribor shahri bo‘ylab oqib o‘tuvchi Drava daryosi sohili bo‘ylab ishtirokchi davlatlar san’atkorlarining tantanali yurishi bo‘lib o‘tdi. Unda Boliviya, Shimoliy Makedoniya, Polsha, Puerto-Riko, O‘zbekiston, Serbiya va Sloveniya vakillari o‘z mamlakatlari madaniyatini namoyish etdilar.
Festival doirasida Sloveniya Respublikasining Maribor shahri meri Saša Arsenovič bilan rasmiy uchrashuv ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Konsert-tomosha faoliyatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Usmonov va O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasi direktori Rauf Avezov boshchiligidagi delegatsiya hamda xorijiy davlatlar vakillari ishtirok etib, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro festivallar doirasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, Sloveniya Respublikasining Murska Sobota shahrida O‘zbekiston va Boliviya ijodiy jamoalari hamkorligida gala konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Konsert davomida har ikki davlat san’atkorlari milliy musiqa va raqs san’ati namunalarini namoyish etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurot ulashdilar.
38-xalqaro CIOFF FolkArt folklor festivalining yakuniy gala konserti Maribor shahridagi Leon Štukelj maydonida bo‘lib o‘tdi. Dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq san’atkor ishtirok etgan mazkur konsertda O‘zbekiston vakillari Osiyo qit’asidan munosib ishtirok etib, o‘zbek milliy qo‘shiq va raqslari bilan tomoshabinlarning e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘ldi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasining “Buxorcha” ashula va raqs ansambli Xorvatiya Respublikasining Karlovak shahrida bo‘lib o‘tgan XXVII International Folk Festival doirasidagi madaniy tadbirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Festival dasturiga muvofiq, Karlovak shahri markaziy ko‘chalari va sayilgohlarida tashkil etilgan ko‘cha san’ati chiqishlari davomida ansambl ijodkorlari o‘zbek milliy qo‘shiq va raqslari, nafis milliy liboslari hamda xalq cholg‘u asboblari jo‘rligidagi ijrolari bilan mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarga milliy san’atimizning boy an’analari va betakror jozibasini namoyish etdilar. San’atkorlarning chiqishlari tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olindi.
Mazkur xalqaro festivalda O‘zbekiston bilan bir qatorda Madagaskar, Puerto-Riko, Filippin hamda dunyoning yana bir qator mamlakatlaridan tashrif buyurgan folklor va badiiy jamoalar ishtirok etib, o‘z xalqlarining boy madaniy merosi, milliy urf-odatlari, an’analari va sahna san’ati namunalarini namoyish etdilar.
Besh kun davom etgan nufuzli xalqaro festival dunyo xalqlarining boy nomoddiy madaniy merosini keng targ‘ib etish, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash hamda ijodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi. O‘zbekiston san’atkorlarining mazkur festivaldagi muvaffaqiyatli ishtiroki milliy madaniyatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash va o‘zbek san’atini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shdi.









