Madaniyat vazirligida ijodiy birlashmalar faoliyati yuzasidan ish rejalari muhokama qilindi
2026-07-06 11:40:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–103-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan madaniyat, san’at va adabiyot yo‘nalishlaridagi ijodiy birlashmalarning faoliyati hamda ularning istiqboldagi ish rejalari yuzasidan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muhokamani madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov olib bordi. Yig‘ilishda Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish mexanizmlari, shuningdek, ijodiy birlashmalar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, har bir ijodiy birlashmaning faoliyati davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan strategik maqsad va ustuvor yo‘nalishlarga uyg‘un holda tashkil etilishi zarur. Xususan, milliy madaniyat va san’atni yangi bosqichga olib chiqish, ijodkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yosh iste’dodlarni aniqlash, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, ijodiy birlashmalar tomonidan hududlarda tizimli faoliyat olib borish, iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni tajribali san’atkor hamda ijodkorlarga biriktirish, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, tanlov va festivallarni muntazam tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy san’ati va zamonaviy ijod namunalarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro festival, ko‘rgazma va madaniy forumlarda faol ishtirok etish, xorijiy hamkorlar bilan ijodiy aloqalarni mustahkamlash hamda milliy madaniyatimizning jahon sahnalaridagi nufuzini yanada oshirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, har bir ijodiy birlashmaning yillik va istiqbolli ish rejalari aniq maqsadli ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilishi, amalga oshirilayotgan loyihalar natijadorligi muntazam tahlil qilinishi hamda ijro intizomiga qat’iy rioya etilishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga Farmon ijrosini sifatli ta’minlash, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, ijodiy birlashmalar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularning amaliy natijadorligini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.






