O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi rejissyor-dramaturg-kompozitor-rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlik maydonini kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasiga arizalar qabuli boshlanganini e’lon qiladi
2026-06-30 10:00:00 / Tanlovlar va tenderlar

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Teatr san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 22-noyabrdagi PQ–399-son qarorida rejissyor-dramaturg-kompozitor-rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlik maydonini kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasini o‘tkazish vazifasi belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, davlat teatrlarida rejissura, dramaturgiya, kompozitor va teatr rassomchiligi yo‘nalishlarini rivojlantirish, yosh ijodkorlar hamkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, “Nigoh” Nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida, joriy yilning 5-8 avgust kunlari Parkent ijod uyida “Nigoh” ijodiy loyihasi o‘tkaziladi.
“Nigoh” ijodiy loyihasi doirasida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi:
- teatr san’atida ijodiy hamkorlik tamoyillari Respublika seminari;
- tajribali rejissyor-dramaturg-kompozitor-rassomlarning mahorat darslari;
- rejissyor-dramaturg-kompozitor-rassom hamda teatr ijodkorlari o‘rtasida davra suhbati;
- “Nigoh” ijodiy loyihasi ishtirokchilarining ijodiy loyihalari taqdimoti.
Mazkur Ijodiy loyiha doirasida yosh ijodkorlarni sohaga keng jalb qilish, yangi ijod mahsullarini yuzaga chiqarish, rejissyor, dramaturg, kompozitor va rassomlarning ijodiy hamkorligida yangi sahna asarlari yaratish vazifasi belgilangan.
Ijodiy loyihada kasbiy bilim va malakaga ega bo‘lgan, teatr san’atining kasbiy qoidalarini yaxshi bilgan professional ijodkorlar ishtirok etishi mumkin hamda quyidagilar talab etiladi:
- ishtirokchilar jamoa bo‘lib ishtirok etishlari;
- teatr yo‘nalishi bo‘yicha rejissyor, dramaturg, kompozitor va rassom hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
- hamkorlikdagi ijodiy loyiha, sahna va dramaturgiya talablariga javob berishi;
- muqaddam sahnalashtirilmagan original asar bo‘lishi;
- Ijodiy loyiha nizomida belgilangan yo‘nalishlarga mos kelishi lozim.
Ijodiy loyihalar “Dunyoga yuz ochgan O‘zbekiston”, “Ma’rifat nuri”, “Qadri baland o‘zbegim”, “Chegara bilmas rishtalar” “Bolalikning beg‘ubor olami”, “Beshigida millat yaralgan ayol”, “Oramizdagi odamlar”, “Yoshlar kelajak bunyodkori”, “Vatan yo‘q. Vatandan tashqarida!”, “Adolat mash’ali” ruknlariga mos bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Loyihada ishtirok etish uchun arizalar 1-avgust kuniga qadar @Nigoh_ijodiy_loyiha_bot orqali qabul qilinadi.
Ijodiy loyihalarni baholash jarayonida, taqdim etilgan loyihalar ichidan eng yaxshi 5 tasi saralab olinadi va ijodiy jamoa moddiy rag‘batlantiriladi.
