“Madaniyat vaziri kubogi – 2026” sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi
2026-06-29 10:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 22–27-iyun kunlari Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida “Madaniyat vaziri kubogi – 2026” sport musobaqalari yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur musobaqalar sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, jismoniy faollikni oshirish, jamoaviy sport turlarini rivojlantirish hamda xodimlar o‘rtasida hamjihatlik va jamoaviy madaniyatni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Musobaqalar uch sport turi bo‘yicha tashkil etildi. Xususan, 22–23-iyun kunlari ayollar o‘rtasida voleybol, 24–25-iyun kunlari erkaklar o‘rtasida basketbol, 26–27-iyun kunlari esa erkaklar o‘rtasida futbol bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat vazirligining markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda hududiy madaniyat boshqarmalari jamoalari faol ishtirok etdi.
Bellashuvlar malakali hakamlar hay’ati nazoratida, tasdiqlangan nizom va sport qoidalariga muvofiq shaffof hamda adolatli tarzda o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
Voleybol (ayollar): 1-o‘rin — Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi; 2-o‘rin — Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasi; 3-o‘rin — Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi.
Basketbol (erkaklar): 1-o‘rin — “O‘zbeksirk” davlat muassasasi; 2-o‘rin — Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi; 3-o‘rin — Jizzax viloyati madaniyat boshqarmasi.
Futbol (erkaklar): 1-o‘rin — Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi; 2-o‘rin — Jizzax viloyati madaniyat boshqarmasi; 3-o‘rin — Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi.
Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov tomonidan tantanali ravishda taqdirlandi. U ishtirokchilarni musobaqalarning muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabriklab, sport musobaqalari xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy faollikni oshirish hamda jamoaviy birdamlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.








