Namangan yana bir nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda
2026-06-23 09:45:00 / Yangiliklar

Bugun, 23–iyun kuni Namangan shahrida III Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
26-iyun kuniga qadar davom etadigan III Xalqaro maqom san’ati anjumaniga dunyoning 83 ta xorijiy davlati hamda xalqaro tashkilotlaridan 230 nafardan ortiq vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.
2018-yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan anjuman Sharq mumtoz musiqa san’atining betakror durdonasi — maqom san’atini asrab-avaylash, rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz:
🔹I Xalqaro maqom san’ati anjumani 2018-yilning 6–10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrining tarixiy markazida o‘tkazilgan bo‘lib, unda jahonning 75 davlatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan.
🔹II Xalqaro maqom san’ati anjumani esa 2024-yilning 27–30-iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida tashkil etilgan va unda qariyb 80 davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashgan.
Bu yilgi anjuman doirasida:
• xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya;
• maqom ansambllari, xonandalar va cholg‘uchilar o‘rtasida xalqaro tanlov;
• O‘zbekiston va xorijning taniqli san’atkorlari ishtirokida konsert dasturlari tashkil etiladi.
🏆 Tanlov g‘oliblari Gran-pri va yuqori miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom cholg‘uchisi”, “Eng yaxshi maqom ustasi”, “Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqom ijrochisi” hamda “Eng yaxshi maqom bastakori” nominatsiyalari bo‘yicha maxsus mukofotlar ham topshiriladi.
III Xalqaro maqom san’ati anjumani milliy musiqa merosimizni dunyoga keng targ‘ib etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va xalqaro madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
