Diplom topshirish marosimi bo'lib o'tdi
2024-07-27 21:40:00 / Yangiliklar

Bugun, 27-iyul kuni Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati institutining 139 nafar ilk bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Unda, O'zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi madaniyat va san'atni rivojlantirish sho'basi mas'ul xodimi Sanjar Bobojonov hamda madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov ishtirok etishdi.
"Yangi O'zbekistonda mumtoz musiqa san’ati, ayniqsa, maqom va baxshichilik san'atiga qaratilayotgan e'tibor misli ko'rinmagan darajada ekanligini alohida ta'kidlash zarur. Ushbu ta'lim maskanni tamomlab, mamlakatimiz musiqiy hayotiga yangi “qon” bo'lib qo'shilayotgan, milliy ruhda tarbiya topgan bitiruvchi talabalarga 4 yillik mehnatlari natijasi sifatida bakalavr hamda magistr darajalaridagi diplomlarni tantanali ravishda topshirar ekanmiz, milliy musiqa san'ati borasida olib borilayotgan islohotlarni targ'ib etish, mumtoz musiqa san'atimizni dunyo miqyosida tanitish, sharqona musiqiy qadriyatlarimizni keyingi yosh avlodlarga yetkazish kabi vazifalarni sidqidildan bajarasizlar deb umid qilamiz"
- dedi, Avazxon Tadjixanov o'z nutqi davomida.
Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasining O'zbekistondagi Madaniyat markazi direktor o'rinbosari Mammadov Yusif hamda Koreya Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi huzuridagi ta’lim markazi direktori Pang Chu Man kabi mutasaddi rahbarlar va xorijlik mehmonlar institut bitiruvchi talabalarini samimiy muborakbod etgan holda ularning kelgusi faoliyatlariga omad tilashdi.
Tadbir yakunida, institutning faollar zalida o'z nihoyasiga yetgan 2023/2024-o'quv yili yakuniga bag'ishlangan konsert dasturi bo'lib o'tdi. Unda taniqli san'atkorlar va institutning talaba-yoshlari tomonidan o'zbek milliy musiqa san'atining sara namunalari ijro etildi.
Ma'lumot uchun, 2020-yilning 2-sentyabrida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 536-sonli Qarori asosida Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etilib, faoliyati yo'lga qo'yilgan edi.









