Namanganda sayyor qabul o‘tkazildi
2026-06-05 10:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalariga bag‘ishlab 2026-yil 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar, shuningdek, “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2026-yil 1-apreldagi PF-51-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Namangan viloyatida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov tomonidan o‘tkazilib, unda madaniyat va san’at sohasi xodimlari, ijodkorlar, yoshlar hamda fuqarolarning murojaat va takliflari tinglandi.
Qabul davomida madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy tadbirlarni tashkil etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar atroflicha o‘rganilib, ularning aksariyati yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Tezkor hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar joyida ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, bunday sayyor qabullar aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, joylardagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, sohani rivojlantirishga qaratilgan takliflarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Madaniyat vazirligi tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda aholini qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.





