Samarqand viloyatida madaniyat va san’at muassasalarini xatlovdan o‘tkazish hamda “Madaniyat mehmonxonasi” loyihasi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi
2026-06-05 10:30:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tegishli farmoyishi hamda madaniyat va san’at tashkilotlari faoliyatini o‘rganish va takomillashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida keng ko‘lamli o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur vazifalar doirasida madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov tomonidan viloyatdagi madaniyat va san’at muassasalarini xatlovdan o‘tkazish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. O‘rganishlar davomida muassasalarning moddiy-texnik bazasi, binolar holati, infratuzilma imkoniyatlari, madaniy xizmatlar ko‘rsatish sifati hamda sohaning bugungi faoliyati tahlil qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-150-son qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, qarorga muvofiq qurilishi belgilangan “Madaniyat mehmonxonasi” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklif etilayotgan joylashuv hududlari o‘rganildi.
Tashrif davomida loyihani joylashtirish uchun tanlangan maydonlarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanganligi, transport logistikasi, turistik va madaniy obyektlarga yaqinligi hamda qurilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan texnik topshiriqlar bilan tanishilib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Ta’kidlanganidek, madaniyat va san’at muassasalarini xatlovdan o‘tkazish hamda “Madaniyat mehmonxonasi” loyihasini amalga oshirish soha infratuzilmasini mustahkamlash, madaniy xizmatlar sifatini oshirish va ijod ahli uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha aniqlangan holatlar asosida tegishli takliflar ishlab chiqilib, belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.


