Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at muassasalari faoliyati kompleks o‘rganilmoqda
2026-06-05 09:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tegishli farmoyishiga muvofiq, mamlakatimizdagi madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini har tomonlama o‘rganish, mavjud imkoniyat va muammolarni tahlil qilish hamda sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayni kunlarda mazkur farmoyish asosida tashkil etilgan Respublika komissiyasi a’zolari hududlarda o‘rganish ishlarini amalga oshirmoqda.
Belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov rahbarligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini o‘rganmoqda.
O‘rganishlar doirasida Farhod Ermanov hamda Avazxon Tadjixanov rahbarligida soha rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish, madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida madaniyat markazlari, kutubxonalar, bolalar musiqa va san’at maktablari, muzeylar, teatrlar hamda boshqa madaniy muassasalarning bugungi faoliyati atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati, aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifati, yoshlarni san’at va madaniyatga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, farmoyish va majlis bayonnomasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, o‘rganish jarayonlarini tizimli tashkil etish hamda yakuniy takliflarni shakllantirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda madaniyat va san’at sohasini yangi bosqichga olib chiqish, muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish, infratuzilmani mustahkamlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, mazkur o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha hududlarda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilib, tizim faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar shakllantiriladi.
O‘rganish ishlari davom etmoqda.






