Professional fotosuratchilar o‘rtasida “Eng yaxshi fotosurat” tanlovi o‘tkazildi
2026-05-25 16:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Toshkent fotosuratlar uyi tomonidan professional fotosuratchilar o‘rtasida “Eng yaxshi fotosurat” tanlovi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 824-son qarori ijrosini ta’minlash, umumxalq bayramlarining g‘oyaviy-ma’naviy mazmunini yanada kuchaytirish va ommalashtirish, shuningdek, foto san’ati orqali milliy qadriyatlar, urf-odatlar hamda oilaviy an’analarni targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda respublikaning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan professional fotosuratchilar ishtirok etib, oilalarda tinchlik va xotirjamlikni, xalqimizning milliy an’analari, bayramona muhit hamda ma’naviy qadriyatlarini aks ettiruvchi ijodiy fotosuratlarini taqdim etdilar.
Taqdim etilgan fotosuratlar Hakamlar hay’ati tomonidan mavzuning yoritilishi, g‘oyaning badiiy ifodasi, mazmundorligi, kompozitsion yechimi, ranglar uyg‘unligi hamda texnik mahorat kabi mezonlar asosida baholandi. Milliy qadriyatlarni zamonaviy badiiy talqinda aks ettirgan hamda yuksak badiiy saviyada yaratilgan fotosuratlar yuqori baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra eng munosib ishtirokchilar g‘olib va sovrindor deb topilib, diplomlar hamda tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov foto san’atining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ijodkorlarning kasbiy mahoratini rag‘batlantirish hamda umumxalq bayramlarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.




