ІІІ “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida о‘tkazilayotgan “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya PRESS – RELIZI
2026-04-27 09:00:00 / Press-relizlar
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-sentabrdagi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va о‘tkazish tо‘g‘risida”gi PQ-4843-son qarori ijrosini ta’minlash, о‘zbek milliy raqs san’atining umumbashariy hamda milliy qadriyatlarni aks ettirishdagi darajasini baholash va ilmiy jihatdan asoslash maqsadida joriy yilning
27–28-aprel kunlari Xiva shahrida III “Lazgi” xalqaro raqs festivali va uning doirasida “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya о‘tkaziladi.
Konferensiya tashkilotchilari: О‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyat hokimligi, YUNESKO, TURKSOY xalqaro madaniyat tashkiloti, Xalqaro festivallar direksiyasi, О‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy-madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti bо‘lib, uning matbuot hamkorlari mahalliy va xorijiy Ommaviy axborot vositalari hisoblanadi.
Xalqaro ilmiy anjumanda AQSH, Ozarbayjon, Belarus, Bolgariya, Braziliya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Malayziya, Misr, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Turkmaniston, Fransiya, Shvetsiya, Koreya kabi xorijiy davlatlardan kelgan san’atshunos olimlar, xoreografiya sohasi mutaxassislari hamda respublikamiz oliy о‘quv tashkilotlari professor-о‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, magistrlari va talabalari ishtirok etadi.
Konferensiya о‘z ishini о‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boradi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning maqsadi “Xorazm lazgi raqsi” ning “Avesto” bilan tutash uch ming yillik tarixini, estetik-etnografik xususiyatlarini о‘rganish, yangi qirralarini kashf etish, “Lazgi” turkumi kabi noyob madaniy merosning azaliy an’analarini saqlash va rivojlantirishning, bu borada amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqotlarning innovatsion usullarini tavsiya etish, raqs san’ati orqali xalqlar о‘rtasidagi dо‘stlik va qardoshlikni mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishdan iborat.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va о‘tkazish tо‘g‘risida”gi PQ-4843-son qarorida tо‘g‘ri ta’kidlanganidek, “Mamlakatimizning boy raqs san’ati tarixida alohida о‘rin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” о‘ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat О‘zbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir. YUNESKO tomonidan “Xorazm lazgi raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi rо‘yxatiga kiritilganligi ham uning betakror san’at ekanligidan dalolat beradi.”
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya quyidagi shо‘balarda ish olib boradi:
-
Xorazm “Lazgi” raqsi: tarixiy-falsafiy, milliy-madaniy omillar;
-
Globallashuv jarayonida xoreografiya san’ati taraqqiyoti;
-
“Lazgi” fenomeni: nomoddiy madaniy merosni asrashning innovatsion strategiyalari.
Konferensiyaga soha mutaxassislari va san’atshunos olimlar, tadqiqotchilar tomonidan jahon xalqlari san’ati, о‘zbek milliy raqs san’ati tarixi, “Xorazm lazgi raqsi”ning shakllanish bosqichlari, estetik-etnografik xususiyatlari, milliy-madaniy chizgilari, marosim va folklor raqslari hamda ularning ifoda uslublari, raqs ta’limi, musiqa madaniyati, milliy va zamonaviy raqs san’atshunosligi muammolari, о‘zbek milliy raqs san’ati targ‘iboti, xorijiy mamlakatlardagi о‘zbek milliy raqs dastalarining faoliyati tadqiqiga oid 200 dan ortiq maqolalar yuborilgan bо‘lib, tahririyat tomonidan ularning
116 tasi qabul qilindi va nashrga tavsiya etildi.
Konferensiya ishida AQSH, Ozarbayjon, Hindiston, Indoneziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Malayziya, Misr, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Turkmaniston, Shvetsiyadan kelgan san’atshunoslar va о‘zbekistonlik olimlar ma’ruza bilan bevosita ishtirok etishsa, Belarus, Braziliya, Fransiya, Koreya kabi mamlakatlardan sohaning yetuk mutaxassislari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashadilar.
“Lazgi” xalqaro festivali doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) tashabbusi bilan turkiy dunyo balet va xoreografiya sohasidagi ta’lim muassasalari rahbarlarining II yig‘ilishi о‘tkaziladi. Mazkur yig‘ilish davomida 6 jildli “Turkiy dunyo an’anaviy xalq raqslari antologiyasi”ni tayyorlash va chop etishga qaratilgan xalqaro ilmiy-madaniy loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi. Xususan, О‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi ilmiy-pedagogik jamoasi tomonidan “О‘zbek xalq raqsi antologiyasi” bо‘limini tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Loyiha turkiy xalqlarning xoreografik merosini har tomonlama о‘rganish, tizimlashtirish va ommalashtirishga, shuningdek, mamlakatlar о‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda xoreografiya san’ati sohasida xalqaro ilmiy va ta’limiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xalqaro anjuman doirasida konferensiya materiallari tо‘plamining, Shvetsiyada shved tilida chop etilgan “Xorazm “Lazgi” raqsi: tarixi va tavsifi” monografiyasining (tarjimon A.Muhammad), “Suz.in” (Hindiston) xalqaro ilmiy jurnalining, О‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professor-о‘qituvchilari tomonidan о‘zbek va ingliz tillarida tayyorlangan “Xorazm “Lazgi” san’ati: yuksalish yillari” risolasining taqdimoti, milliy raqslar tadqiqiga oid kitoblar kо‘rgazmasi о‘tkaziladi, soha mutaxassislari
va san’atshunos olimlar ishtirokida davra suhbati tashkil etiladi.
III “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida о‘tkazilgan “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunida rezolyusiya qabul qilinadi.
