Madaniyat vazirligida matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-04-13 19:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 13-aprel kuni Madaniyat vazirligida “So‘nggi yillarda madaniyat sohasida amalga oshirilgan islohotlar” hamda “Arda” hujjatli filmi taqdimoti yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida avvalida madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov so‘nggi yillarda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilgan sharoitlar va erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida boshlangan islohotlarda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda milliy madaniyatimizni jahonga tanitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, so‘nggi 9 yilda madaniyat va san’at sohasiga oid O‘zbekiston Respublikasining 4 ta Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 35 ta Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 98 ta qarori va farmoyishlari qabul qilindi.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunlari qabul qilindi. Shuningdek, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni etib belgilandi.
Shuningdek, so‘nggi yillar davomida teatr, madaniyat markazlari, ta’lim, xalqaro munosabatlar, faoliyati yo‘nalishida, konsert-tomosha tadbirlari faoliyati, davlat-xususiy sheriklik sohasida amalga oshirilgan ishlar, nomoddiy madaniy merosni asrash, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ilk marotaba sun’iy intellekt asosida tayyorlangan “Arda” hujjatli filmi haqida ma’lumot berildi.
Yaqin kunlarda Xorazm tarixi va madaniyati haqida hikoya qiluvchi “Arda” hujjatli filmi namoyish etilishi haqida ma’lum qilindi. Mazkur hujjatli film ilk bora sun’iy intellekt asosida yaratilgan bo‘lib, barcha ma’lumotlar tarixiy va asosli manbalarga ega ekanligi haqida tarix fanlari doktori Ozodbek Rajabov tomonidan batafsil tushuncha berildi.
So‘ng, filmni tayyorlash jarayonlari haqida madaniyat vazirining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi Abdurauf Nabiyev OAV vakillariga ma’lumot berib, “Arda” hujjatli filmi Xiva tarixi, sivilizatsiyasi ko‘rsatilgan AI orqali yaratilgan realistik tasvirli ilk film ekanligi, film 2 oy davomida yaratilgan bo‘lib, unda 15 ga yaqin ijodiy jamoa ish olib borganligini ta’kidladi. Filmda mamlakatimizdagi ilk sivilizatsiya, din va madaniyat rivojlanishi, tarixiy obidalarning qurilish davri, bosqinlar, urushlar ko‘rsatilgan.
Matbuot anjumani davomida, ayni kunlarda O‘zbekiston tarixi, Amir Temur haqida qisqa metrajli filmlar ustida ish boshlanganligi ma’lum qilindi.
Matbuot anjumani davomida madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov, madaniyat vazirining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi Abdurauf Nabiyev, tarix fanlari doktori Ozodbek Rajabov hamda vazirlik Matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov ommaviy axborot vositalarining savollariga javob berishdi.






