Rasmiy munosabat
2026-04-06 21:05:00 / Yangiliklar
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasida 2026-yil 1-sentabrdan boshlab san’atkorlar, boshlovchilar hamda konsert-tomosha sohasida xizmat ko‘rsatuvchi boshqa ijrochilar tomonidan ko‘rsatiladigan har bir xizmatni “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Loyihaga muvofiq, san’atkorlar, boshlovchilar hamda konsert-tomosha sohasida xizmat ko‘rsatuvchi boshqa ijrochilarning to‘y, yubiley, sunnat to‘yi, nikoh marosimlari, restoranlar va boshqa tadbirlardagi har bir chiqishi “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida soliqqa tortilishi nazarda tutilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar tomonidan soliq to‘lashda tenglik va adolat tamoyillari ta’minlanishi lozimligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Xususan, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolar, jumladan, kam va o‘rta daromadli ishchilar, xususiy tadbirkorlar, savdo xodimlari, haydovchilar hamda qurilish sohasi vakillari belgilangan tartibda soliq to‘lab kelayotgani qayd etilgan holda, nega konsert-tomosha sohasida faoliyat yuritayotgan ayrim shaxslar uchun alohida yoki farqli yondashuv bo‘lishi kerak, degan mazmundagi savollar ilgari surilmoqda.
Madaniyat vazirligi muhokama etilayotgan mazkur masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Madaniyat vazirligi tomonidan hujjat loyihasining ayrim bandlari yuzasidan tegishli tartibda rasmiy e’tirozlar kiritilganiga qaramasdan, ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Bugungi kunda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar uchun soliq to‘lash tartibi amaldagi qonunchilik asosida belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyuldagi “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–168-son Farmoniga asosan mazkur toifadagi shaxslar uchun daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan tartibda to‘lash mexanizmi joriy etilgan.
Ushbu tartibga asosan san’atkorlar har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lab kelmoqda. Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu miqdor 412 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, ular alohida yillik daromadidan deklaratsiya asosida 12 foiz miqdorida daromad solig‘i ham to‘laydi.
Demak, amaldagi tartibga ko‘ra, konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar soliq to‘lash tizimidan tashqarida emas. Ular uchun qonuniy soliq mexanizmi amalda mavjud va qo‘llanilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, bugungi muhokamalarda ayrim holatlarda uchrayotgan “san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi” degan talqinlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6000-son Farmoniga asosan vazirlik va boshqa davlat organlari tomonidan tashkil etilgan davlat tadbirlari hamda boshqa tadbirlarga jalb etiladigan ijodkorlar va ijrochilarning xizmat haqlari, gonorarlari qonuniy tartibda to‘lab berilishi bo‘yicha ham aniq mexanizmlar belgilangan.
Bu esa sohada shaffof moliyaviy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, Madaniyat vazirligi tomonidan qaror loyihasining ayrim bandlariga yengilliklar kiritish, amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, soliq miqdorlarini toifalar kesimida adolatli belgilash, sohaning turli ishtirokchilari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda qator normalarni yanada aniqlashtirish bo‘yicha taklif va e’tirozlar bildirilgan.
Vazirlik ushbu masalada jamoatchilik fikri, ijodkorlar va soha vakillarining takliflari muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi.
Chunki qabul qilinadigan har qanday qaror, avvalo, qonuniylik, adolat va amaliy samaradorlik tamoyillariga asoslanishi kerak.
Madaniyat vazirligi mazkur loyiha yuzasidan muhokamalarda konstruktiv yondashuv tarafdori ekanini ma’lum qiladi.
Vazirlikning asosiy maqsadi bir tomondan, sohada shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, ikkinchi tomondan esa, ijodkorlar faoliyati uchun barqaror, adolatli va amaliy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni saqlab qolishdan iborat.
