Poytaxtda bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti haqida PRESS-RELIZ
2026-01-28 14:00:00 / Press-relizlar

Bugun, 28-yanvar kuni poytaxtda madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli loyihalardan biri bo‘lgan — “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofoti bu yilda o‘zgacha ruh va keng qamrov bilan o‘tkazildi.
To‘rtinchi bor tashkil etilgan ushbu tadbirga qator yangiliklar kiritildi. Xususan, ilk marotaba xorijiy davlatlarda o‘zbek madaniyati va san’atini faol targ‘ib qilayotgan hamdo‘stlik mamlakatlari vakillari uchun “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” nominatsiyasi joriy etildi. Ushbu yangilik mukofotning xalqaro darajaga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, tantanali marosimda qator xalqaro mehmonlar ishtirok etdi. Jumladan, 2025-yilda dunyo miqyosida xitga aylangan “Homay” qo‘shig‘i ijrochilari — Boshqirdistonning “Ay Yola” guruhi, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti Nigina Amonqulova, Ozarbayjon xalq artisti Mensum Ibrahimov hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanaq Memedova mehmon sifatida qatnashdi.
Bugungi kunga qadar mukofot doirasida 20 ta nominatsiya bo‘yicha 60 nafar ijodkor munosib deb topilib rag‘batlantirilgan edi. Bugungi taqdirlash marosimida Milliytanlov.uz platformasi orqali ochiq ovoz berish jarayoni bo‘yicha 20 nafar g‘oliblar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi.
Mazkur mukofot bilan madaniyat va san’at sohasida 2025-yil davomida yuqori natijalarga erishgan, respublika va xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etgan sohaning munosib vakillari 20 ta nominatsiyada “Yilning eng yaxshi erkak maqom xonandasi”, “Yilning eng yaxshi ayol maqom xonandasi”, “Yilning eng yaxshi opera ijrochisi”,”Yilning eng yaxshi spektakli”, “Yilning eng yaxshi teatr aktyori”, “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi”, “Yilning eng yaxshi teatr rejissyori”, “Yilning eng yaxshi dramaturgi”, “Yilning eng yaxshi badiiy filmi”, “Yilning eng yaxshi sirk artisti”, “Yilning eng yaxshi askiyachisi”, “Yilning eng yaxshi qiziqchisi”, “Yilning eng yaxshi rangtasvir rassomi”, “Yilning eng yaxshi yosh baxshisi”, “Yilning eng yaxshi folklor jamoasi”, “Yilning eng yaxshi raqqosasi”, “Yilning eng yaxshi ayol estrada xonandasi”,“Yilning eng yaxshi erkak estrada xonandasi”, “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi madaniyat markazi” bo‘yicha taqdirlandi.
Milliy mukofotga yangi qo‘shilgan “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” nominatsiyasiga ilk nomzodlar, yaponiyalik Mashu Komazaki, qozog‘istonlik Arman Nurmaxamatuli hamda ozarbayjonlik Sahib Pashshazadelar kiritildi.
Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar mukofotning maxsus statuetkasi hamda sertifikati, shu bilan birga, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantiriladi.
Tantali taqdirlash marosimi joriy yilning 28-yanvar kuni poytaxtdagi “Renessans Hall” binosida bo‘lib o‘tib, tantanali taqdirlash marosimi ZO‘R TV telekanali orqali jonli efirda namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–406-son hamda Vazirlar Mahkamasining “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʻat milliy mukofoti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 14-oktabrdagi 594-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʻat milliy mukofoti muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.
