PRESS-RELIZ: Saudiya Arabistoni Podshohligida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilmoqda
2025-10-03 16:15:00 / Press-relizlar
O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, ayniqsa madaniy-gumanitar sohada yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarning huquqiy asosi 1995-yil 18-noyabrda imzolangan “Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida Bitim”ga borib taqaladi.
Shu asosda, 2025-yil 2–11-oktyabr kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbir O‘zbekiston madaniy merosi, san’ati va milliy qadriyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan.
Tadbir dasturidan o‘rin olgan asosiy yo‘nalishlar:
O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida konsert dasturlari;
Milliy taomlar, hunarmandchilik buyumlari va madaniy pavilon ko‘rgazmalari;
Noyob qo‘lyozmalarning nusxalari, kitob va milliy adabiyot namunalari ko‘rgazmasi.
Tadbir Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi Riyadh International Book Fair majmuasi va Malika Nurah Bint Abdulrahmon universiteti maydonida tashkil etilmoqda.
Bu kabi tadbirlar madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va do‘stlik rishtalarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Tarixiy izoh:
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” dastlab 2011-yil 25–31-mart kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligida tashkil etilgan edi. O‘shanda “O‘zbekiston – Vatanim manim” nomli amaliy san’at va foto ko‘rgazmasi, shuningdek, milliy kuy-qo‘shiqlarimizning sara namunalarini o‘z ichiga olgan konsert dasturlari Ar-Riyod va Jidda shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi.
Shuningdek, saudiyalik madaniyat vakillari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Maqom” anjumani, “Lazgi” xalqaro raqs festivali kabi nufuzli tadbirlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Saudiya Arabistoni Podshohligida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida bugungi kunga qadar quyidagi tadbirlar bo‘lib o‘tdi:
3-oktyabr kuni O‘zbekiston ilk marotaba "Riyadh International Book Fair" festivalida “Faxriy mehmon mamlakat” sifatida ishtirok etdi.
Ayni kunlarda Saudiya Arabistoni Podshohligida bo'lib o'tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida O‘zbekiston ilk marotaba "Riyadh International Book Fair" festivalida “Faxriy mehmon mamlakat” sifatida ishtirok etmoqda.
Vazir Ozodbek Nazarbekov Ar-Riyod shahridagi "Riyadh International Book Fair" festivalida bo’ldi.
Ma’lumot o’rnida, “Riyadh International Book Fair” — bu Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida har yili o‘tkaziladigan xalqaro kitob festivali hisoblanib, ushbu festival 10 kun davom etadi.
Unda, 2 000 dan ziyod nashriyotlar o'z mahsulotlari bilan qatnashishadi.
2025-yilda O‘zbekiston ushbu yarmarkaning “Faxriy mehmon mamlakat” sifatida ishtirok etmoqda.
Odatda ushbu festivalning faxriy mehmonlari arab davlatlaridan taklif etiladi, so'nggi 10 yil davomida ilk marotaba O‘zbekiston ushbu festivalga faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Riyadh International Book Fair — bu nafaqat kitoblar ko‘rgazmasi, balki madaniyatlar uchrashuvi, bilim va ilhom manbai hisoblanadi.
4-oktyabr kuni: Ar-Riyod shahrida madaniyat vazirlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ayni kunlarda Saudiya Arabistoni Podshohligida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi madaniyat vaziri Badir bin Abdulla bin Muhammad bin Farhan Al Saud o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
"Mana, ikkinchi martadirki, biz madaniyat sohasidagi hamkorligimiz va munosabatlarimiz haqida suhbatlashib turibmiz. Har bir uchrashuvimizdan so‘ng mamlakatlarimiz va vazirliklarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkam va samarali bo‘lib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Sizning rahbarligingiz va jamoangizning ko‘magi bilan bugun Riyodda dunyo ilm-ma’rifati bir maydonga to‘planadigan katta tadbir – Xalqaro kitob yarmarkasi o‘tmoqda. O‘zbekiston uchun bu yil "Faxriy mehmon" sifatida ishtirok etish katta sharafdir.
Yana bir muhim lahza oldimizda turibdi: bugun madaniyat va san’at sohasidagi hamkorligimizga huquqiy zamin yaratib beradigan muhim hujjatni imzolaymiz. Ushbu kelishuv madaniyatning barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olib, kelgusidagi aloqalarimiz uchun yangi yo‘l ochadi" - dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuv davomida, ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasida hamkorlik yuzasidan hujjat imzolandi.
Shuningdek, ta’lim sohasida hamkorlik qilish hamda Saudiya Arabistonida saqlanayotgan Markaziy Osiyo tarixiga oid betakror va nodir qo‘lyozmalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlarida hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Saudiya Arabistoni Podshohligida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda.
