O‘zbekiston Prezidenti animatsiya maktabiga tashrif buyurdi
2024-05-17 23:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni poytaxtimizdagi O'zbekiston Milliy kino san'ati saroyiga tashrif buyurdi. Saroy binosi 2021-yilda toʻliq ta'mirlandi. Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr, anjumanlar zali zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Prezidentimiz "Yangi O'zbekiston — yangi kino san'ati" muzeyi, tarixiy filmlar liboslari ko‘rgazmasi, taniqli kinoijodkorlarning hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Timur Bekmambetov nomidagi animatsiya maktabida bo'ldi. Bu yerda Xo‘ja Nasriddin haqidagi to‘liq metrajli animatsion filmni yaratish ishlari davom etmoqda. Timur Bikmambetov va yosh animatorlar ijod uchun yaratilgan sharoitlar, yangi imkoniyatlar uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
– Xo‘ja Nasriddin haqidagi animatsion filmimizni birinchi bo‘lib O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi, o'shandan beri bizning loyihamizga Turkiya, Tataristondan yangi qiziqishlar bildirilmoqda. Toshkentdagi maktab namunasi asosida biz Almetyevsk va Anqarada ham xuddi shunday loyihalarni boshladik. Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Kinematografiya agentligi ko'magi bilan biz uchta yangi maktab ochmoqdamiz. Demak, hududlardagi iqtidorli o‘zbek bolalari yangi kasb-hunar o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Timur Bikmambetov.
Bekmambetov Gallivud yulduzlari Kris Pratt va Rebekka Fergyuson ishtirokida yangi “Mehr-muhabbat” filmini suratga olish maydonchasidan aloqaga chiqdi. Maktab faoliyatini teatr va kino rejissyori Aleksandr Gamirov boshqaradi.
4 oylik intensiv mashg‘ulotlar va 8 oylik amaliyotdan o‘tgan talabalar hozirda Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdan to Markaziy Osiyo va Xitoy mintaqasigacha bo'lgan xalqlarni birlashtirgan qahramon haqidagi loyiha ustida ishlamoqda. Bu mamlakatlarning barchasida Xoja Nasriddin milliy qahramon sanaladi va uning kelib chiqishi haqida turli mulohazalar mavjud, lekin Xo'janing vatani O'zbekiston. Xo'ja Nasriddinni mahalliy animatorlarchalik hech kim yaxshi bilmaydi, shuning uchun animatsiya mahalliy ijodkorlar tomonidan yaratilmoqda.
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev animatsiya o‘ta murakkab, lekin o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgani bilan juda muhim jarayon ekanligini ta’kidladi. U milliy qadriyatlarimiz asosida o'zimizning kontentlarimizni yaratish zarurligini ta’kidladi”, — deydi studiya rahbari Aleksandr Gamirov.
Xalq qahramoni haqidagi muhim loyihani qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlat O'zbekiston bo‘ldi. Loyihani ishlab chiqarish to‘g‘risida 2021-yilda Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida qaror qabul qilingan, tegishli kelishuvni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov va o‘sha yilgi hakamlar hay’ati raisi Timur Bekmambetov imzolagan. Hamkorlikning bir qismi sifatida Toshkentda birinchi animatsiya maktabi ochildi, u yerda aktyorlik maktablari bitiruvchilari animatorlik kasbini egallashlari va animatsion loyiha ustida ishlashlari mumkin.
Shu vaqt ichida o'qishga 220 dan ortiq ariza kelib tushdi, ulardan 50 nafar istiqbolli talaba saralab olindi. Maktab oʻnlab oʻzbek oʻgʻil-qizlariga animatorlik kasbini egallash va stipendiya olish imkoniyatini berdi.
Bugungi kunda loyihada O‘zbekistondan tashqari Tatariston va Turkiya ham ishtirok etmoqda va yil oxirigacha unga Xitoy va Saudiya Arabistoni qo‘shilishi kutilmoqda. Loyihada O‘zbekiston yetakchi o‘rinni egallaydi, o‘quvchilar dasturni muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng Nukus, Samarqand va Buxoroda yangi maktablar ochishga qaror qilindi. Bu haqida Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbariyati o‘tgan yili Toshkent kinofestivalida ma’lum qilgan edi.
Maktablarning 3 ta hududda ochilishi O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasida animatsiya ishlab chiqarish sanoatining yetakchisiga aylantiradi. Bu muhim tashabbus, chunki 2022-yil oxirida YUNESKOga a'zo turkiy tilli dunyo mamlakatlari madaniyat arboblari sa’y-harakatlari bilan Xoja Nasriddinning sarguzashtlari haqidagi hikoyalar jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
