Eronda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” hamda O‘zbekistonda “Eron madaniyati kunlari”ni tashkil etish masalalari muhokama etildi
2025-12-30 12:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Kuni kecha Madaniyat vazirligida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Shohrux Akbarov hamda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi madaniyat konsuli Hassan SafarKhani o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida bir qator madaniy almashinuv tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, shuningdek, Eron ijodiy jamoalarining yurtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro madaniy tadbirlarda faol ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator takliflar ko‘rib chiqildi.
Xususan, 2026-yil uchun madaniy tadbirlar taqvimini shakllantirish, Eronda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, O‘zbekistonda esa “Eron madaniyati kunlari”ni tashkil etish, shuningdek, kino va teatr sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar bildirilgan takliflar ikki tomonlama madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdilar.



