Vazirlikda Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama etildi
2025-12-24 15:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 25-dekabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakillari, vazirlik markaziy apparati vakillari hamda tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilish kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari natijalari hamda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘rganish ishlari yakuni yuzasidan Bosh prokuratura boshqarma prokurori Farhod Temirov "O‘zbeksirk" davlat muassasasining o‘rganish natijalari yuzasidan ma’lumot berdi.
So‘ng, Bosh prokuratura boshqarma prokurori Shokir Rafiqov tomonidan Kinematografiya agentligi sohasida olib borilgan o‘rganish ishlari natijalari yuzasidan ma’lumot berildi.
Bosh prokuratura vakillarining o‘rganish natijalari hisobotidan so‘ng, vazir Ozodbek Nazarbekov soha vakillaridan izoh so‘radi hamda vazirlik markaziy apparatining tegishli mas’ullariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanishi yuzasidan topshiriq berdi.
Kun tartibidan o'rin olgan tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
"Barchaga ma'lumki, bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 21-oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, Madaniyat vazirining sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish boshqarmasini tashkil etdik. Ushbu lavozimning joriy etilishi vazirlik tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich, rejali va natijaga yo‘naltirilgan holda tatbiq etishga xizmat qiladi deb umid qilamiz" - dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Yig'ilish davomida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vazirining sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish boshqarmasini tashkil etilganligini va Madaniyat vazirining sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga Nabiyev Abduraufbek Abdurazzoq o‘g‘li tayinlanganligini ma'lum qildi hamda jamoaga tanishtirdi.
Yig'ilish yakunida, kun tartibidagi boshqa tashkiliy masalalar ko'rib chiqildi.









