BRIFING
2025-12-24 15:10:00 / Yangiliklar

Poyoniga yetayotgan yil mamlakatimiz madaniyati va san’ati tarixida shunchaki navbatdagi taqvim yili emas, balki milliy madaniyatning global integratsiyasi va ichki tizimdagi tub burilishlar davri sifatida muhrlandi. Yil davomida "madaniyat — bu faqat konsert emas, balki mamlakatning tashqi siyosatidagi eng ta’sirchan qurol" degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan nufuzli anjumanlar, xalqaro festivallar, xalqaro madaniy aloqalar ko‘rinishidagi amaliy ishlar olib borildi. Ortga nazar tashlar ekanmiz, yilning eng muhim nuqtalari Kunchiqar yurtdan to Kaspiy qirg‘oqlarigacha tutashganiga guvoh bo‘lamiz.
Tushungan bo‘lsangiz kerak bugungi brifingda joriy yilning 14 – 20 - dekabr kunlari Yaponiya va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari haqida bo‘ladi.
O‘zbekiston va Yaponiya xalqlarini qadimiy tarix, boy madaniyat, an’analarga sadoqat va kelajakka ishonch birlashtirib turadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yildan-yilga mustahkamlanib, siyosiy, iqtisodiy va, ayniqsa, madaniy sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida, jamiyat hayotining barcha sohalari rivojlanmoqda hamda O‘zbekiston ochiq va zamonaviy davlat sifatida dunyoga yanada tanilib bormoqda. Madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli, milliy madaniyatni asrab-avaylash, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Xorijda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbiri ana shu siyosatning amaliy natijalaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Joriy yilning 16 – dekabr kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida Tokio shahridagi mingga yaqin o‘ringa ega “Ginza” saroyida Yaponiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarining ochilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarining ochilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturida O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Konsertda Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli xonandalari, “Tumor” raqs ansambli raqqosalari, “Nihol” mukofoti sovrindori Umid Isroilov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov, O‘zbekiston xalq artisti Zulayxo Boyxonova, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shaxnoza Yoqubjonova, O‘zbekistonning Yaponiyadagi madaniyat elchisi Mashu Komazaki, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurashid Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ishtirok etishdi.
Shuningdek, Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari davomida “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi hamda bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Tokioda Yaponiya jamg‘armasi raisi Shinya Kurosava hamda Toshiba xalqaro fondi prezidenti Xiroki Yamazaki bilan uchrashdi.
Shu bilan birga, Yaponiyada istiqomat qiluvchi 30 nafardan ortiq o‘zbekistonliklar yoshlar, bilan uchrashdi.
Yaponiyadagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari bilan birgalikda Ozarbayjonda ham ushbu tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy munosabatlar bugun paydo bo‘lgan emas, uning tarixiy ildizlari Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Jomiy va boshqa buyuk mutafakkirlar davriga borib taqaladi. Shuningdek, “Ipak yo‘li” orqali Ozarbayjon va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar yuzlab yillar davom etgan. Bu madaniy bog‘lanishlar hozirgi kunda ham rivojlanib bormoqda.
Bugungi kunda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Ayniqsa, madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik davlatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy ishonchning yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Prezidentlarimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari va xalqaro ko‘rgazmalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda.
Xuddi shunday hamkorlik tadbirlaridan biri, O‘zbekiston va Ozarbayjon Madaniyat vazirliklari bilan hamkorlikda joriy yilning 14 – 20 - dekabr kunlari Ozarbayjon Respublikasi Boku va Fuzuliy shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tashkil etildi. Unda, O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligidagi 170 nafardan ziyod O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi (O‘zbekiston xalq artistlari, O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artistlar, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri vakillari, Maqom ansambli, “Navro‘z” raqs ansambli va boshqalar) ishtirok etdi.
Bir hafta davom etgan madaniyat kunlari doirasida, Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi, O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma madaniy komissiyasining 1-majlisi, Boku shahridagi Haydar Aliyev saroyida Alisher Navoiyning "Xamsa" dostoni asosida tayyorlangan musiqiy spektakl namoyishi hamda “Navro‘z” raqs ansamblining konsert dasturi namoyishi, O‘zbekiston va Ozarbayjon Madaniyat vazirliklari rahbariyati bilan uchrashuv, Ozarbayjon davlat filarmoniyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining konsert dasturi namoyishi, Qorabog‘ning Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek umumta’lim maktabida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasidagi tadbirlarning yopilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Boku hamda Fuzuliy shaharlarida “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi tashkil etilib, 100ga yaqin O‘zbekiston madaniyatini, san’atini, arxitekturasini, milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi rasmlar namoyish etildi.
Bokuning Haydar Aliyev markazida boshlangan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” Fuzuliydagi Mirzo Ulug‘bek umumta’lim maktabida yakunlandi. Tadbirda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov hamda Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Murad Huseynov, 500 nafardan ortiq Fuzuliy shahri aholisi ishtirok etishdi. Namoyish etilgan konsert dasturi tomoshabinlarning manzur bo‘ldi.
Qorabog‘ning Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek umumta’lim maktabida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning yakunlanishida ham ramziy ma’no bor. Hamdo‘stlik, birodarlik nafasi ufurib turgan ushbu maskanda o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari kuylanib, o‘zbek milliy raqslari namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida, mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz yetakchisi 2021-yil 31-mart kuni o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Shu bilan Ozarbayjonda uchinchi marotaba o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyat kunlari” tadbirlari yakunlandi.
Yilni sarhisob qilar ekanmiz, bir haqiqat oydinlashadi: O‘zbekiston endi madaniyatga shunchaki "ko‘ngilochar soha" deb qaramayapti. Aksincha, bu soha mamlakatning tashqi dunyodagi yuziga va ichki ma’naviy ustuniga aylandi. Xulosa shuki Madaniyat — chegara bilmas diplomatiyaga aylanib bormoqda.
