Birinchi o'zbek kinooperatorining asarlari UNESСОning Jahon xotirasi ro'yxatiga kiritildi
2024-05-10 17:15:00 / Yangiliklar
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida 7- 8-may kunlari UNESCO Osiyo va Tinch okeani havzasi bo‘yicha Jahon xotirasi qo‘mitasi (MOWCAP)ning 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tashabbusi bilan taqdim etilgan ikki nominatsiya – “Turkiston almbomi (1871-1872)” va “Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879-1937)” Osiyo va Tinch okeani havzasi Jahon xotirasi ro‘yxatiga kiritilgani e’lon qilindi.
Ilmiy va tarixiy ahamiyatga molik nodir fotosuratlar va rangli tasvirlardan iborat “Turkiston albomi (1871-1872)” O‘zbekiston Milliy kutubxonasi sara to‘plamlarida saqlanadi. Tarixiy, arxeologik, etnografik va hunarmandlik bo‘limlaridan iborat 4 qism, 10 jildli mazkur to‘plam 1871-1872-yillarda tuzilgan.
“Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879-1937)” nomli ikkinchi nomzod-namuna esa mashhur o‘zbek fotografi, kinematografisti, rejissyori va operatori, Xiva shahrida tug‘ilib o‘sib, buyuk madaniyat arbobi darajasiga ko‘tarilgan ijodkor kolleksiyasidir.
Uning butun hayoti davomida yaratgan asarlari asosida shakllantirilgan mazkur to‘plam Xorazmning rivojlanish bosqichlari – Muhammad Rahimxon II, Feruz (1864-1910), Asfandiyorxon (1910-1918) hukmronlik qilgan davrlar, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (1920-1924) hamda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (1925-1937) amalda bo‘lgan yillarni aks ettiradi.
Ushbu namunalar Turkiston o‘lkasi burilish bo‘sag‘asida boshdan kechirgan voqealarning yagona haqqoniy, ko‘rgazmali dalili, deyish mumkin.
Fotosurat ko‘rinishidagi mazkur hujjatli meros Xorazmning tarixiy-madaniy o‘ziga xosligi, mahalliy betakrorligi hamda XIX asr oxiri-XX asr dastlabki o‘ttiz yiliga oid evrilishlardan darak beradi.