Poytaxtda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy xotira kechasi bo’lib o’tdi
2025-11-28 20:05:00 / Yangiliklar

Bugun, 28-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy xotira kechasi bo’lib o’tdi.
Tadbirda madaniyat vaziri o'rinbosari Yusufjon Usmonov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, madaniyat va san'at sohasi vakillari, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, professor, siyosatshunos olim Ergash Daminov hamda Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi Shohrux Behbudiy ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda dastlab "Mahmudxo‘ja Behbudiy: haq olinur, berilmas" nomli hujjatli film namoyish etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 27-dekabr kuni qabul qilgan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ma’rifatparvar bobomiz ma’naviy merosini o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi hayot yo‘li, faoliyatiga bag‘ishlangan adabiy suhbatlar, anjumanlar o‘tkazildi.
Badiiy ko‘rgazmalar tashkil etildi. Teatr san’ati bo‘yicha dramaturglarning eng yaxshi asarlarini rag‘batlantirish maqsadida Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot ta’sis etildi.
Bularning barchasi ulug‘ alloma, davlat va jamoat arbobi Behbudiy merosini kengroq o‘rganish imkonini beradi.
Tantanali adabiy tadbirda TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev, bir qator turkiy davlatlar adabiyotshunos olimlarining Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiy merosiga doir fikrlari videoaloqa orqali ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Shu bilan birga, anjumanda adabiyotshunos olimlarning Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiy merosi, otashin faoliyati haqidagi ma’ruzalari tinglandi.
Kechada Mahmudxo‘ja Behbudiyning navqiron avlodga vasiyatlari o‘qildi hamda ma’rifatparvar bobomiz faoliyatiga oid spektakldan ta’sirchan lavhalar namoyish etildi. Shuningdek, milliy mumtoz kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan lavhalar kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.








