Vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov talaba yoshlar bilan uchrashdi
2025-11-27 13:50:00 / Yangiliklar

Bugun, 27-noyabr kuni Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati institutida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv vazirlik tizimidagi — konsert-tomosha faoliyatini rivojlantirish, madaniy-ommaviy tadbirlar va festivallarni tashkil etish, davlat tadbirlarida ishtirokni ta’minlash hamda ijodkor yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlariga mas’ul bo‘limlar faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan iqtidorli yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Madaniyat vazirligining mas’ul boshqarma boshliqlari, institut rektori Eldor Shermanov, Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Davron Sheraliyev, shuningdek, institut talabalari, boshqarma tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 70 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida iqtidorli yoshlar — maqom, baxshichilik va an’anaviy ijro yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlar o‘z ijodiy g‘oyalari, taklif va savollari bilan murojaat qilishdi.
Bahodir Ahmedov yoshlarning har bir murojaatini tinglab, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy tashabbuslarini amalga oshirish va davlat tadbirlarida keng ishtirok etishi uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilishini ta’kidladi.
“San’atga odam uy quraman, mashina olaman, boylik orttiraman deb kelmaydi. San’atga inson mehr bilan kiradi. Daromad izlab kelgan san’atkor adashadi. Milliy san’atimizga — mana shu dargohdagi darslarga shijoat va mehr bilan kirilsa, ana shundagina ijodkorning ismi tarixda abadiy qoladi. Chunki shijoat va mehr bilan qilingan har bir amal abadiy yashaydi.” - dedi Bahodir Ahmedov.
Uchrashuv davomida institut rektori Eldor Shermanov iqtidorli talabalar bilan birga O‘zMMSI tomonidan amalga oshirilayotgan yangi tashabbus — “Maqom karvoni” loyihasini taqdim etdi. Ushbu loyiha yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, maqom san’atini keng targ‘ib qilish va hududlar kesimida mahorat saboqlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganligi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir yakunida so‘nggi yillarda o‘z ijodiy mehnati, tashabbusi va faoliyati bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.








