Buxoro teatrining “Qiyomat qarz” spektakli poytaxtdagi teatrlardan birida namoyish etiladi
2025-11-27 13:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 2-dekabr kuni soat 16-00dan 18-00ga qadar Buxoro viloyati musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi Toshkent shahrida gastrol safarida bo‘ladi. Gastrol safari davomida O‘zbekiston davlat drama teatri sahnasida “Qiyomat qarz” spektakli namoyish etiladi.
“Qiyomat qarz” spektakli insonning vijdon oldidagi javobgarligi, o‘tmish xatolarining inson ruhiyatiga ko‘rsatadigan ta’siri va hayotning murakkab sinovlarini badiiy tahlil etuvchi asardir. Asarda bosh qahramon Sulaymon otaga omonat berib ketilgan ikki dona qo‘yi katta suruv bo‘lgani uni albatta egasiga qaytarishi kerakligi, bu qarz — moddiy emas, balki vijdon qarzi bilan yashashi, uni to‘lash yo‘lidagi ruhiy iztiroblari, o‘zini anglash jarayoni chuqur psixologik mahorat bilan yoritiladi.
Spektakl o‘zbek jamiyatidagi axloqiy-ruhiy munosabatlar, odamlarning bir-biriga bo‘lgan mas’uliyati, insoniylikni saqlab qolish kabi mavzularni o‘z ichiga oladi. Muallif hayotiy voqealari orqali o‘quvchini yaxshilik, javobgarlik, vijdon pokligi haqida o‘ylashga chorlaydi. “Qiyomat qarz” spektakli o‘zining ta’sirchan uslubi, sodda, ammo mazmunli tili bilan o‘quvchini chuqur mushohadaga undaydigan asardir.



