Xivada II “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tmoqda
2024-04-27 15:00:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Xorazmning Xiva shahrida II “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tmoqda.
27-aprel kuni Xivaning “Ichan qal’a” majmuasida II “Lazgi” xalqaro raqs festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
“Xorazm lazgi raqsi” san’atining asriy an’analarini saqlash va rivojlantirish, raqs san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko‘lamini va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Prezidentining PQ-4843-son qarori bilan 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba 25 — 30-aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida o‘tkazilishi belgilangan.
2024-yilda ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan II “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga dunyoning 33 (32 ta xorijiy+O‘zbekiston) davlatidan (Buyuk Britaniya, Fransiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Serbiya, Braziliya, Koreya, Yaponiya, Ispaniya, Misr, Gruziya, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Qatar, Ozarbayjon va O‘zbekiston davlatlari oflayn hamda AQSH, Avstriya, Iordaniya, Meksika, Gana, Rossiya, Makedoniya, Eron, Xitoy, Pokiston va Italiya davlatlaridan onlayn tartibda) 200 dan ziyod iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ishtirok etishmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston nomidan ishtirok etish uchun O‘zbekiston bo‘ylab 2024-yilning I choragi davomida Madaniyat vazirligi tomonidan “Lazgi” xalqaro raqs festivali ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, unda respublika bosqichi g‘oliblari
(3 ta (50 nafar atrofida) ashula va raqs ansambli va 3 nafar yakkaxon ijrochilar) Xalqaro festivalda O‘zbekiston nomidan ishtirok etishadi.
(Qo‘shimcha ma’lumot uchun, O‘zbekiston nomidan ishtirok etish uchun Madaniyat vazirligi “Lazgi” xalqaro raqs festivali respublika tanlovini e’lon qilgan edi. Ko‘rik - tanlov yakunlariga ko‘ra g‘oliblari quyidagicha saralab olinib, yo‘llanma berilgan.
Yakkaxon ijrochilar yo‘nalishi:
1-o‘rin Davletova Oksana (Xorazm viloyati)
2-o‘rin Narzullayeva Fotima (Toshkent shahri)
3-o‘rin Haydarov Islom (Toshkent shahri)
Jamoaviy ijrochilar yo‘nalishi:
1-o‘rin O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli;
2-o‘rin O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati raqs ansambli;
3-o‘rin “Buxoro mavjlari” ansambli.)
Festivalda tanlov ishtirokchilari chiqishlarini baholab borish bo‘yicha xalqaro hakamlar hay’ati tarkibi shakllantirilgan bo‘lib, unda 5 ta (Fransiya, Misr, Braziliya, Koreya, Qozog‘iston) xorijiy davlatdan hamda O‘zbekiston (2 nafar) dan hakamlik qilishmoqda.
Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, Tojikiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Yaponiya, Braziliya, Fransiya, Misr Arab Respublikasi vakillari festivalda Faxriy mehmon sifatida ishtirok etishmoqda.
27-aprel kuni xorijiy va mahalliy raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar va faxriy mehmonlar ishtirokida “Xorazm “Lazgi” raqsi: Madaniy diplomatiyani rivojlantirishning ilmiy – nazariy, ma’naviy – ma’rifiy tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Konferensiyada Buyuk Britaniya, Fransiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Serbiya, Braziliya, Koreya, Yaponiya, Ispaniya, Misr, Gruziya, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Qatar, Ozarbayjon va O‘zbekiston davlatlari oflayn hamda AQSH, Avstriya, Iordaniya, Meksika, Gana, Rossiya, Makedoniya, Eron, Xitoy, Pokiston va Italiya davlatlaridan onlayn tartibda ishtirokchilar ishtirok etmoqda.
26-29 aprel kunlari festival doirasida raqs tanlovi o‘tkazilmoqda, unda xorijiy va mahalliy ishtirokchilar ijodiy bellashishmoqda.
II “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida xorijlik mutaxassislar ishtirokida davra suhbatlari, ijodiy uchrashuv va mahorat darslari, konsert tomoshalari va “Xorazm lazgi raqsi” san’atiga oid ko‘rgazmalar tashkil etilgan.
29-aprel kuni festivalning tantanali yopilish va g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etiladi.
«Gran-Pri» mukofoti - 7 000 AQSH dollarini tashkil etdi. 1-2-3- o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar uchun mos ravishda har bir yo‘nalishda 3 ta nominatsiya (“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi”, “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs”) bo‘yicha 5 000, 3000, 2000 AQSH dollaridan mukofotlanadi.
Ma’lumot uchun:
2022-yili Xorazm viloyatining Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali dunyoning 30 davlatidan 175 dan ziyod iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalar, raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan.