“Oltin kuz” forumi doirasida “Yosh maqom ijrochilari” respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda
2025-11-02 15:10:00 / Yangiliklar

Forum doirasida joriy yilning 1-3-noyabr kunlari Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati institutida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tomonidan “Yosh maqom ijrochilari” respublika tanloviga start berildi.
Mazkur tanlovda 16 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan yoki ta’lim olayotgan iste’dodli (jami 33 nafar) yoshlar ishtirok etmoqda.
Tanlov ishtirokchilari Shashmaqom tarkibidagi ikkinchi guruh sho‘balaridan Qashqarcha, Soqinoma yoki Uforlardan, Xorazm maqomlari va Farg‘ona - Toshkent maqom yo‘llaridan asar ijro etishlari lozim bo'ladi.
Tanlovni o‘tkazish bo‘yicha hakamlar hay’ati maqom ijrochilik san’atining soha mutaxassislari va yetuk ustozlaridan iborat tarkibda shakllantirildi.
Tanlov ishtirokchilari ijro mahorati, ijroda ritmni his qilishi, asar matninining to‘g‘riligi, sahna madaniyati va ijro repertuarining to‘g‘ri tanlanganligi mezonlari bo‘yicha baholanadilar.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad forum doirasida o‘zbek milliy maqom san’atini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy maqom asarlarini chuqur o‘rganish, madaniyat va san’at sohasida ta’lim olayotgan va ijod qilayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash ularni ijodiy jarayonlarda birlashtirish va bilim ko‘nikmalarini oshirish;
o‘zbek milliy maqom ijrochilarini kashf etish, shu bilan birga, maqom san’ati namunalarini keng targ‘ib etish hamda dunyo sahnalariga olib chiqish;
ijodkor yoshlarning iqtidorlarini namoyish etishlari uchun keng maydon yaratish hamda rag‘batlantirishdir.







